O‘zbekistonning hamkor davlatlari safi kengaymoqda
Keyingi yillarda O‘zbekiston – Qatar munosabatlari rivoji keskin jadallashdi. Shu yil 6 iyunda Samarqand shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgan Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokarada ikki davlat o‘rtasidagi munosabat “keng qamrovli sheriklik” darajasigacha ko‘tarilishiga ishonch bildirildi.
Yetakchilar siyosiy muloqotni, madaniy-gumanitar almashinuvni yanada chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Diplomatik aloqalar tarixidagi birinchi mazkur oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi, munosabatni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi. Toshkentda Qatar, Doxada O‘zbekiston elchixonalari ochilgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi. Ta’kidlash lozim, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning ayrim yirik davlatlar bilan ahdlashilgan kelishuvlaridan ham salmoqli.
Loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston – Qatar investitsiya forumini o‘tkazish, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmini yaratish taklif etildi. Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoni Ko‘rfaz mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish muhimligiga urg‘u berishdi. Savdo-iqtisodiy munosabatda asqotadigan Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish bo‘yicha strategik loyihani birgalikda ilgari surish istiqboli ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunlangach, Shavkat Mirziyoyev va shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy huzurida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Jumladan, Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar, Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasida, Toshkent va Doxa shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum kabi 15 ta hujjat qabul qilindi.
Shuningdek, tashqi ishlar va adliya vazirliklari o‘rtasida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda Ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shma platforma yaratishga kelishib olindi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning diplomatik, savdo-iqtisodiy, investiyaviy aloqalari rivojlangan, ilg‘or, dini bir, madaniyati, qadriyati yaqin davlatlar davrasi yana bir mamlakat va xalq hisobiga kengaydi.
I.Abduxoliqov, O‘zA