“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” darsligi yaratildi
Mamlakatimiz eng yangi tarixining muhim voqealari va sanalariga doir qator ilmiy, o‘quv-uslubiy va fundamental asarlar yaratish, ayniqsa, milliy davlatchiligimizning vujudga kelishi va taraqqiyotiga oid ilmiy va ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik va ma’rifiy adabiyotlar tayyorlash, chop etish, shu orqali yoshlarning mamlakatimiz tarixi haqidagi bilimlarini yanada boyitish eng muhim vazifalardan, desak xato bo‘lmaydi.
Tarixchi olim Bo‘ri Qodirov muallifligida nashr etilgan “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” nomli oliy ta’lim muassasalarining nomutaxassis ta’lim yo‘nalishlari uchun darsligi, shuningdek, “O‘zbekistonning eng yangi tarixidan izohli lug‘at” hamda “O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanidan mustaqil ta’limni tashkil etish” o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari bu borada o‘zining bir qator xususiyatlari bilan katta ahamiyatga ega.

Muallif tomonidan “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” darsligi o‘quv dasturlarda ko‘rsatilgan mavzular asosida yaratilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonning mustaqillikka erishish jarayonlari, istiqlol yillarida yurtimizda demokratik-huquqiy davlatning barpo qilinishi, mamlakatda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar, shuningdek, mamlakatimizning tinchliksevar tashqi siyosati masalalari yangi materiallar asosida boyitilgan. Darslikda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va yangilangan Konstitutsiyasining o‘ziga xos tomonlari va mazmun-mohiyatiga ham katta ahamiyat qaratilgan.
Darslikda har bir mavzu oxirida tayanch so‘zlar, mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati keltirilgan. Kitobda shuningdek, boshqa darsliklarda uchramaydigan O‘zbekistonning mustaqillik arafasi va mustaqillik yillardagi, Yangi O‘zbekiston davrida ro‘y bergan muhim tarixiy sanalar ketma-ketlik asosida keltirib o‘tilgan.

“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kitobining o‘zga xos jihatlaridan yana biri mamlakatimizning bugungi taraqqiyot davrida yuz berayotgan inqilobiy o‘zgarishlarning ko‘lami va shiddati, ularning xalqimiz, har bir shaxs hayotidagi o‘rni va ta’siri turli misollarda yoritib berilgani bilan bog‘liqdir. Ayniqsa, kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodni o‘z vataniga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash va ularda yuksak ma’naviy fazilatlarni shakllantirishda, milliy ong va sog‘lom fikr uyg‘otishda, Vatan, xalq va istiqlol taqdiri uchun g‘oyaviy kurashuvchanlik ruhida tarbiyalashda, shuningdek, yuksak ma’naviyatli komil inson bo‘lib shakllanishida ushbu nashrlarning ahamiyati katta. Shu bilan bir qatorda, bu fan xalqimiz tarixini haqqoniy tasvirlovchi, aks ettiruvchi ko‘zgu, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, ma’naviy saboqlar majmuasidir, desak xato bo‘lmaydi.
B.Qodirov tomonidan tayyorlangan kitoblardan yana biri − “O‘zbekistonning eng yangi tarixi”dan izohli lug‘at” nashridir. Ushbu izohli lug‘at keng qamrovli bo‘lib, asosan shu paytga qadar O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha yaratilgan darslik, o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy-tadqiqot ishlari va tarixiy asarlarda uchraydigan atamalarning izohiga bag‘ishlangan. Mazkur lug‘at fan dasturlarida qamrab olingan mavzularga ham tayanganini alohida qayd etmoq lozim. Lug‘atdan o‘rin olgan har bir atama o‘tmishda va tarixiy manbalarda qanday yozilganiga qarab alifbo tartibda, so‘zlarning etimologiyasi esa qavs ichida berib o‘tilgan. Bu esa, o‘quvchida O‘zbekistonning eng yangi tarixida duch keladigan atamalarni mukammal bilish imkonini beradi.
B.Qodirov tomonidan tayyorlangan “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanidan mustaqil ta’limni tashkil etish” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanidan talabalar mustaqil ta’limini tashkil qilish” namunaviy va ishchi o‘quv rejalariga mos holda ishlab chiqilgan bo‘lib, u oliy ta’lim jarayonida mustaqil ta’lim uchun ajratilgan mavzularni talabalar tomonidan yanada puxta o‘zlashtirishlari uchun yordamchi manba vazifasini bajarishi bilan katta ahamiyat kasb etadi.
Qo‘llanmada talabalar mustaqil ishlarini tashkil qilish jarayonida ma’lum mavzu bo‘yicha ma’ruza matni, referat, kurs ishi, slayd, ko‘rgazmali vositalardan foydalanish va grafik ishlarini bajarish, maket, model va badiiy asarlar ustida ishlash, amaliyotdagi mavjud muammoning yechimini topish, test, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash, ilmiy maqola, tezislar va amaliy mazmundagi nostandart masalalarni yechish hamda ijodiy ishlash masalalarini bajarishga e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanidan mustaqil ta’limni tashkil etish” bo‘yicha tayyorlangan o‘quv-uslubiy qo‘llanmada mustaqil ta’limni to‘g‘ri tashkil qilish va talabalar bilan birgalikdagi faoliyat jarayonida muvaffaqiyatli natijalarga ega bo‘lish rahbar (o‘qituvchi)dan nafaqat o‘zi o‘tayotgan fan yuzasidan chuqur bilimga ega bo‘lishi, balki ayni vaqtda talabalar bilan ishni to‘g‘ri tashkil qilish, har bir talabaning iqtidori va qobiliyatini imkon qadar hisobga olgan holda yondashishiga alohida e’tibor qaratilgan. Qo‘llanmada shuningdek, rahbar (o‘qituvchi) fan (kurs) yuzasidan ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari jarayonida turli pedagogik texnologiyalar va interaktiv uslublarni qo‘llagan holda har bir talabaning o‘ziga xos xislatlarini aniqlab, mustaqil ta’lim bo‘yicha maslahat darslarida talabalarga to‘g‘ri yo‘nalish bera olishi va mustaqil ta’limni tashkil qilishdan ko‘zlangan maqsadga erisha olishi masalalari ochib berilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” darsligi yonida “O‘zbekistonning eng yangi tarixidan izohli lug‘at” hamda “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanidan mustaqil ta’limni tashkil etish” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasining yaratilgani Vatanimizning eng yangi tarixi o‘quvchi va talabalar tomonidan chuqur va puxta o‘zlashtirilishida muhim manba vazifasini bajaradi.
B.Qodirovning O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid yangi o‘quv qo‘llanmalari ko‘p yillik ilmiy izlanishlari samarasi ularoq yuzaga kelgan bo‘lib, ularning har biri oliy ta’lim muassasalari talabalari, tadqiqotchi olim va keng kitobxonlar uchun mo‘ljallangan.
Shuhrat Hayitov
filologiya fanlari doktori, O‘zA