O‘zbekistonning 9 ta san’at asari Sankt-Peterburgda namoyish etildi
Sankt-Peterburgdagi Faberje muzeyida “Zamin muhabbati va samoviy muhabbat. Vladimir va Konstantin Makovskiylar” nomli ko‘rgazma o‘z nihoyasiga yetdi.
San’at ixlosmandlari uchun tashkil etilgan mazkur yirik ekspozitsiyaga jami 210 717 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.
Ko‘rgazmada Rossiya tasviriy san’atining mashhur namoyandalari Vladimir va Konstantin Makovskiylarning ijodi bilan bir qatorda turli muzeylar kolleksiyalarida saqlanayotgan noyob san’at asarlari ham namoyish etildi. Ekspozitsiya san’at asarlarining badiiy qimmati, tarixiy ahamiyati va ularni asrab-avaylash masalalariga e’tibor qaratilishi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Ko‘rgazmaning muhim qismi O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi kolleksiyasiga mansub asarlardan tashkil topdi. Ekspozitsiyadan mazkur muzey fondida saqlanayotgan to‘qqizta san’at asari o‘rin oldi. Ularning sakkiztasi ko‘rgazmaga tayyorgarlik jarayonida maxsus restavratsiyadan o‘tkazildi.
Bu jarayon asarlarning nafaqat badiiy qiyofasini tiklash, balki ularni xalqaro ko‘rgazma talablariga muvofiq holda namoyish etish uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qildi. O‘zbekiston muzey kolleksiyasiga kiruvchi asarlarning xorijiy ko‘rgazmada keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilgani mamlakatimiz madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Ko‘rgazmaning katta qiziqish uyg‘otgani uning tashrif buyuruvchilar sonida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. 210 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgani mazkur ekspozitsiya san’at ahli va keng jamoatchilik o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘rgazmani tashkil etish va uning muvaffaqiyatli o‘tishiga munosib hissa qo‘shgan Faberje muzeyi direktori Vladimir Voronchenko, san’at homiysi Viktor Vekselberg, shuningdek, barcha hamkorlar va mutaxassislarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston muzeylarida saqlanayotgan bebaho san’at asarlarini xalqaro maydonda namoyish etish, ularning ilmiy va badiiy ahamiyatini keng targ‘ib qilish hamda madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim loyihalardan biri bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA