O‘zbekistonni yurakdan sevgan olim edi
Atoqli qadimshunos olim Edvard Vasilevich Rtveladze o‘zbekchada ravon so‘zlamasa-da, ruhiyati, ichki dunyosi "o‘zbeklashib" ketgan, samimiyati, odamgarchiligi o‘zbekona insonlardan edilar.
Arxeologiya fani ancha murakkab, tadqiqotchi sal bilmay qadam qo‘ysa, chalkashliklar sari adashib ketadigan fan aslida. Lekin shunday murakkab fanni suvdek ichib yuborgan, O‘zbekistonni, uning qadimiy va boy tarixini, xalqini juda ardoqlovchi insonlardan biri edi domla.
Ko‘pincha arxeologiya, tarix, umuman, qadimshunoslikka oid anjumanlar, taqdimotlar davomida kimdir Edvard akaga hovliqib ona tilimizda savol bersa yoki murojaat etsa ham, uning fikrini to‘laqonli tushunar, shoshilmasdan, ravon, lo‘nda tarzda javob qaytarar edilar. Olimlik martabasi, boz ustiga jahonning bir qator nufuzli universitetlarining faxriy professori, dunyoning ko‘plab obro‘li auditoriyalarida O‘zbekistonning qadimiy tarixiga oid ma’ruzalar o‘qigan bo‘lsa-da, kibrga, manmanlikka berilish unga mutlaqo begona edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Edvard Vasilevich Rtveladze 1942 yili 14 may kuni Gruziyaning Borjomi shahrida tug‘ilgan.
O‘zbekistonni sizu bizdan kam sevmaydigan ustoz arxeolog mamlakatimiz Fanlar akademiyasining akademigi, tarix fanlari doktori, professor edilar.
Uning fidoyiligi, o‘ta kamtarligi, mehnat va zahmatdan, mashaqqatli izlanishlardan cho‘chimasligi, odamshavandaligi ko‘plar kabi meni ham doim hayratga solardi. Axir qadimiy shahristonlar, tarixiy ob’ektlar, nurab ketgan me’moriy obidalarda qirqmi-ellik, ehtimol undan ham yuqori darajali jaziramada, ob-havoning turlicha vaziyatida qo‘liga belkurak olib qazishma ishlarini olib borishga har kimning ham irodasi yetavermaydi-ku! Biroq Evdard Vasilevich bunday mashaqqatdan sira cho‘chimas edi! Biron tarixiy mavzu, taqdimoti bo‘lgan qimmatli ilmiy manba to‘g‘risida domlaning uy telefoniga qo‘ng‘iroq qilishga to‘g‘ri kelib qolgan paytlar ham ko‘p bo‘lgan. Biroq Edvard aka doim suhbatdoshiga go‘yo ming yillik qadrdonidek samimiy munosabatda bo‘lar, tushunmagan jihatlarni batafsil so‘zlab berishni sira kanda etmasdi.
Qadimshunos olim 1967 yilda hozirda O‘zbekiston Milliy universitetida, o‘z paytida esaToshDU deb atalgan oliygohni tamomlagan edi. O‘sha yildan O‘zbekiston san’atshunoslik ilmiy tadqiqot institutida ilmiy xodim bo‘lib faoliyat boshlagandi. Ustoz arxeologning ilmiy faoliyati O‘rta Osiyoning qadimiy va o‘rta asrlar tarixi, arxeologiyasi, numizmatikasi, epigrafikasi, san’ati, madaniyati tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan.
O‘rta Osiyo, Kavkaz, Kipr, Yaponiya va Fransiyada olib borilgan 80 dan ortiq ilmiy arxeologik ekspeditsiyalar ishtirokchisi edilar domla. E.Rtveladze ko‘pgina arxeologik yodgorliklarni puxta olib borgan, sog‘-betobligiga qaramay, ular tarixi, rivojlanish bosqichlari bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rtveladze domla rahbarligida Tohariston ekspeditsiyasi tomonidan Kampirtepada olib borilgan qazishmalar natijasida arxeologik amaliyotda birinchi marta Kushonlar davriga oid qadimiy shahar xarobasi to‘liq ochilganligi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Uning rahbarligi ostida shaharlar va taniqli davlat arboblari yubileylariga bag‘ishlangan jamoaviy monografiyalar, shu jumladan, "Amir Temur jahon tarixida", "Xiva — ming gumbazli shahar", "Shahrisabz", "Termiz", "Jaloliddin Manguberdi" va boshqa ilmiy risolalar, kitoblar tayyorlangan.
Insof bilan aytganda, Markaziy Osiyoning qo‘hna tarixini ko‘plarimizdan ko‘ra yaxshiroq bilar va buni hech kimga pisanda etmasdi Edvard domla. Ustoz Rtveladze 1985 yilda Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati bo‘lgan.
Istiqlol yillarida "Buyuk xizmatlari uchun" (2001), "Mehnat shuhrati" (2003) ordenlari va Gruziyaning "Girsebis" ("Ritsarlik sharafi") (2001) ordeni bilan mukofotlangan.
Hayot ekan, kimdir tug‘iladi. Birov qaytadi. Domlaning 80 yoshda chin dunyoga qaytish qilgani haqidagi gapni atayin aytmadim. Negaki, Edvard Rtveladze minglab shogirdlari, yurtimiz va xalqaro ilmiy jamoatchilik qalbida mangu yashaydi!
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri