O‘zbekistonlik yosh tennischilar muvaffaqiyatli start oldi
Farg‘ona shahrida o‘smirlar o‘rtasida tennis bo‘yicha J100 toifasiga kiruvchi xalqaro turnir davom etmoqda. Dunyoning o‘nga yaqin mamlakatidan tashrif buyurgan yosh tennischilar yakkalik va juftlik bahslarida g‘oliblik uchun kurashmoqda.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yakkalik bahslarining birinchi bosqichida hamyurtimiz Mahmudbek Beknazarov yaponiyalik Ray Takimotoni 6:3, 6:2 hisobida mag‘lub etib, ikkinchi davra yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi u neytral maqomda ishtirok etayotgan Aleksandr Kunitsinga qarshi kortga chiqadi.
Yana bir vakilimiz Alan Zinatulin esa qozog‘istonlik Yunus Zulfarni 6:3, 6:1 hisobida yengib, ikkinchi bosqichda yaponiyalik Sotakagava bilan kuch sinashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Abdurahmon Karimov, Danila Kvasov va Ahmadjon Toshmuhammedov ham dastlabki bosqichda raqiblarini mag‘lub etib, keyingi davraga yo‘l oldi.
Qizlar o‘rtasidagi musobaqada ham o‘zbekistonlik tennischilar muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Ilk bosqich yakunlariga ko‘ra, Elnura Boltaboyeva va Nigina Alimova ikkinchi davrada o‘zaro bahs olib boradi. Shuningdek, Shahzoda Ortiqboyeva xitoylik Jiayi Vang, Nargizaxon Sobitova esa neytral tennischi Yuliya Liaxavaga qarshi kortga chiqadi.
Farg‘onadagi nufuzli J100 turniri yosh tennischilar uchun xalqaro reyting ochkolarini qo‘lga kiritish va tajriba orttirishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA