O‘zbekistonlik talabalar xalqaro maydonda bilim va salohiyatini namoyon etmoqda
Bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasida raqobat nafaqat kompaniyalar, balki mamlakatlar o‘rtasida ham kuchayib bormoqda. Ana shunday sharoitda yoshlarning xalqaro maydonlardagi ishtiroki mamlakatning intellektual salohiyatini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xitoyning Shenchjen shahrida o‘tkazilayotgan “Huawei ICT Competition 2025–2026” global finalida O‘zbekistonning uchta oliy ta’lim muassasasi — Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Turin politexnika universiteti talabalari va o‘qituvchilari ishtirok etmoqda.

Joriy yilda tanlovning amaliy yo‘nalishida dunyoning 40 dan ortiq mamlakat va hududlaridan saralangan 131 ta jamoa qatnashmoqda. Musobaqa tarmoq texnologiyalari, bulutli yechimlar, hisoblash texnologiyalari hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Global final doirasida ishtirokchilar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarini ham sinovdan o‘tkazib, murakkab texnologik vazifalarni hal etish bo‘yicha o‘z salohiyatlarini namoyon etadi.

Tanlov davomida talabalar sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, telekommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy dasturiy platformalar bo‘yicha xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Huawei ICT Competition” bugungi kunda dunyodagi eng yirik xalqaro ta’lim tashabbuslaridan biri hisoblanadi. Joriy mavsumda uning amaliy yo‘nalishida 210 mingdan ortiq talaba ishtirok etib, bu ko‘rsatkich tanlov tarixidagi rekord natija bo‘ldi.
O‘zbekistonlik ishtirokchilarning ushbu nufuzli tanlovdagi ishtiroki mamlakatimiz yoshlarining axborot texnologiyalari sohasidagi bilim va iqtidori xalqaro miqyosda ham munosib baholanayotganidan dalolat beradi.
N.Rahmonova,
O‘zA