O‘zbekistonlik startapchilar “TechCrunch Disrupt”da tanishtiriladi
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park) joriy yilning 28-30 oktyabr kunlari San-Fransisko shahrining “Moscone” kongress-markazida bo‘lib o‘tadigan “TechCrunch Disrupt 2024” xalqaro texnologiya anjumanida ishtirok etish uchun arizalar qabul qilish boshlanganini ma’lum qildi.
IT Park ma’lumotlargia ko‘ra, qabul Qozog‘istonning “Astana Hub” va Amerikaning “Silkroad Innovation Hub” markazlari bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Tomonlar tadbirda Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan ishtirokchilarga maydoncha taqdim etilishini birgalikda tashkillashtiradi.
Har bir ishtirokchi jamoaga Startaplar alleyasida (Startup Alley) stend uchun joy ajratilib, bu yerda ular salohiyatli sarmoyadorlar va ekspertlar bilan muloqot qilishi, venchur investorlar hamda tashrif buyuruvchilarga o‘z biznes loyihalarini taqdim etishi mumkin.
Investitsiyalarni jalb etish va chet el bozoriga chiqishni rejalashtirgan, o‘sish bosqichidagi tayyor mahsuloti bo‘lgan startaplar taklif etiladi. Anjumanda ishtirok etish uchun arizalarni 15 avgustga qadar yuborish talab etiladi.
2023 yilda “TechCrunch Disrupt”da IT Parkning beshta - “IMAN Invest”, “Mohirdev”, “MyID”, “Pastoral” raqamli chorvachilik tizimi va “Workly”xodimning ish vaqtini hisobga olishning bulutli tizimi rezidenti qatnashgan edi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA