O‘zbekistonlik olti nafar bokschi jahon chempionati finalida
Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha 19 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining olti nafar vakili final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Yana ikki nafar hamyurtimiz musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Musobaqaning +90 kg. vazn toifasida Islom Salixov ukrainalik Volodimir Derkachga qarshi ringga ko‘tarildi. Uch raund davomida ustunlikni namoyish etgan hamyurtimiz hakamlarning yakdil qarori bilan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi. -90 kg. vaznda Asadbek Sultanboyev angliyalik Albe Dovellga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Shuningdek, -75 kg. vazndagi Suhrob Rahmatullayev irlandiyalik Jason Velan bilan kuch sinashib, 5:0 hisobida g‘alaba qozongan holda yarim finaldan o‘tdi. 85 kilogrammgacha vazn toifasida Sardorbek Bahromxo‘jayev kubalik Xulio Chibas bilan ringga ko‘tarildi. Murosasiz kechgan bellashuvda birinchi raundda hamyurtimiz, ikkinchi raundda esa raqibi ustunlikka erishdi. Hal qiluvchi raundda faolroq harakat qilgan Sardorbek 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Qizlar o‘rtasida -51 kg.da Nazokat Mardonova qozog‘istonlik Madira Jumakani yengdi. Yana bir final yo‘llanmasi -70 kg. vazndagi Maftuna Yangiyeva hisobiga yozildi. U jazoirlik Xanana Kainanega qarshi bahsda yirik hisobda zafar quchdi.

Afsuski, Muxtasar Aliyeva hamda Zulfiqor Adhamjonov o‘z vazn toifalarida yarim finalda mag‘lubiyatga uchrab, musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Ma’lumot uchun, finalchilar soni bo‘yicha Rossiya terma jamoasi o‘n nafar bokschi bilan peshqadamlik qilmoqda. O‘zbekiston olti nafar finalchi bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Qozog‘iston va Xitoy terma jamoalari to‘rt nafardan, AQSH uch nafar, Irlandiya, Ukraina va Hindiston ikki nafardan, Angliya, Argentina, Braziliya, Ispaniya, Eron, Shotlandiya va Yaponiya esa bir nafardan finalchi bilan ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA