O‘zbekistonlik olimlarning genom tadqiqotlariga bag‘ishlangan yangi monografiyasi nashr etildi
Inson genomini o‘rganish zamonaviy tibbiyotning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.
O‘zbek olimlari tomonidan ushbu sohada ilmiy monografiya yaratilishi, avvalo, o‘z populyatsiyamizga xos genetik xususiyatlarni chuqurroq o‘rganish, kasalliklarga moyillik omillarini aniqlash va kelajakda aholiga mos profilaktika hamda shaxsiylashtirilgan tibbiyot yondashuvlarini ishlab chiqish uchun ilmiy zamin yaratadi.
Mualliflar Alisher Abdullayev, Darya Zakirova, Mirakbar Yoqubov, Go‘zal Abdullayeva va Shahlo Turdiqulovalar qalamiga mansub “Butun genomli assotsiatsion tadqiqotlar: metodlar, hozirgi holat va istiqbollar” nomli monografiyada GWAS — butun genom bo‘yicha assotsiatsion tadqiqotlarni o‘tkazish usullari, ma’lumotlarni tahlil qilish va natijalarni talqin etish masalalari yoritilgan.
Kitobning muhim jihati — unda o‘zbek populyatsiyasi genetikasiga alohida bob ajratilganidir. Unda genetik variantlarning tarqalishi, ularning yurak-qon tomir va metabolik kasalliklar bilan bog‘liqligi kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.
Bu yo‘nalish xalqaro ahamiyatga ham ega. Chunki Markaziy Osiyo populyatsiyalarining genetik xususiyatlari global genom tadqiqotlarida hali yetarlicha o‘rganilmagan. O‘zbek populyatsiyasiga oid tadqiqotlarning ko‘payishi xalqaro genom ma’lumotlarini boyitib, o‘zbek olimlarining xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ishtirokini kengaytirishga imkon beradi.
Nigora Rahmonova, O‘zA