O‘zbekistonga yetti oyda qariyb 124 million dollarlik shokolad import qilindi
Shirinlikning foyda va zararli xususiyatlari qanday?
Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 ta davlatdan qiymati 123,7 million AQSH dollariga teng bo‘lgan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga oshgan. Joriy yilning yetti oyida respublikamizga eng ko‘p shokolad yetkazib bergan asosiy davlatlar qatorida Rossiya (19,5 ming tonna), Ukraina (2,2 ming tonna), Qozog‘iston (914 tonna), Belarus (805,2 tonna), Litva (746,2 tonna), Turkmaniston (715,2 tonna) va Turkiya (569,5 tonna) kabi davlatlar peshqadamlik qilgan bo‘lsa, qolgan 3 ming tonnasi boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Mamlakatimizga import qilinayotgan bunday sevimli shirinlikning inson salomatligiga ham ijobiy, ham salbiy ta’sirlari mavjud bo‘lib, uning foydali tomonlari qatoriga kayfiyatni ko‘taruvchi endorfin va serotonin ishlab chiqarilishini rag‘batlantirishi, tarkibidagi antioksidantlar hisobiga yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilab, miya faoliyatini faollashtirishi kiradi. Shu bilan birga, shokolad yuqori kaloriyali mahsulot hisoblangani bois uni me’yordan ortiq iste’mol qilish ortiqcha vazn to‘planishiga, tarkibidagi shakar miqdori esa tish salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kariyes yoki qandli diabet xavfini oshirishi mumkinligi sababli, shifokorlar har doim iste’molda chegara va me’yorga amal qilishni tavsiya etadi.
M.Qosimova, O‘zA