O‘zbekistonga turistik oqim 21,1 foizga oshdi
Mamlakatimizda turizm sohasidagi o‘sish sur’ati yildan-yilga yuqorilab bormoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-avgust oylarida mamlakatga turistik maqsadlarda 9 million 102 ming 729 nafar chet el fuqarosi tashrif buyurgan.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 million 600 ming nafarga yoki 21,1 foizga ko‘p. Demak, har oyga o‘rtacha 1,1 milliondan ortiq xorijiy turist to‘g‘ri kelgan.
Turistik oqim tarkibida qo‘shni davlatlar fuqarolari salmog‘i yuqori. Xususan, Qirg‘iz Respublikasidan 2,5 milliondan ziyod, Qozog‘istondan 2,1 milliondan ortiq, Tojikistondan esa 2 milliondan ziyod sayyoh kelgan. Ushbu uch davlat hissasi jami turistik oqimning qariyb 74 foizini tashkil etadi.
Rossiya 867,7 ming nafar turist bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Afg‘onistondan 329,6 ming, Xitoydan 318,5 ming, Turkmanistondan 224,8 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan.
Shuningdek, Turkiyadan 130,1 ming, Hindistondan 39,5 ming, Germaniyadan 32,2 ming nafar turist O‘zbekistonga kelgan.
Raqamlar O‘zbekiston uchun nafaqat an’anaviy qo‘shni bozorlar, balki Xitoy, Turkiya, Hindiston va Yevropa mamlakatlaridan keluvchi turistlar oqimini kengaytirish uchun ham salohiyat yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, yilning dastlabki 8 oyida 9 milliondan ortiq xorijiy fuqaroning turistik maqsadda tashrifi mamlakatning xalqaro turizm bozoridagi jozibadorligi ortib borayotganidan dalolatdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA