O‘zbekistonga ko‘chib kelayotganlar soni 2,5 barobar oshdi
Xorijdan doimiy yashash uchun O‘zbekistonga ko‘chib kelayotganlarning asosiy qismi Rossiya, Qozog‘iston va Tojikiston fuqarolaridir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston nafaqat mehnat migratsiyasi, balki doimiy yashash uchun ko‘chib kelayotgan xorijliklarning ham e’tibor markazida bo‘lmoqda. Buni rasmiy statistikadagi raqamlar ham tasdiqlaydi. Xususan, 2026-yilning birinchi yarmida xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelganlar soni sezilarli darajada oshgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida 1 ming 649 nafar kishi xorijdan O‘zbekistonga doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 976 nafarga ko‘p bo‘lib, o‘sish 2,5 barobarni tashkil etgan. Xorijdan O‘zbekistonga ko‘chib kelganlarning aksariyati qo‘shni va yaqin davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Keluvchilar orasida birinchi o‘rinni Rossiya egallagan — ushbu davlatdan 580 nafar kishi O‘zbekistonda doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan. Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston bo‘lib, u yerdan 362 nafar kishi ko‘chib kelgan. Tojikistondan 147 nafar fuqaro O‘zbekistonni doimiy yashash joyi sifatida tanlagan. Qolgan 560 nafar kishi esa boshqa xorijiy davlatlardan ko‘chib kelgan. Shunday qilib, Rossiya, Qozog‘iston va Tojikistondan kelganlar jami 1 ming 89 nafarni tashkil etib, xorijdan doimiy yashash uchun ko‘chib kelganlarning salmoqli qismini tashkil qilgan.
Hududlar kesimidagi raqamlar ham e’tiborga molik. Xorijdan O‘zbekistonga ko‘chib kelganlarning mutlaq ko‘pchiligi poytaxt va poytaxt viloyatida joylashgan. Jumladan, Toshkent shahriga 1 ming 89 nafar, Toshkent viloyatiga esa 269 nafar kishi doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan. Bu ikki hududning o‘ziga jami 1 ming 358 nafar kishi ko‘chib kelgan bo‘lib, umumiy ko‘rsatkichning qariyb 82 foizini tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi 115 nafar bilan keyingi o‘rinda qayd etilgan. Qolgan hududlarda ko‘rsatkich ancha past bo‘lgan: Navoiy viloyatiga — 31 nafar, Samarqandga — 22 nafar, Xorazmga — 21 nafar, Surxondaryoga — 18 nafar, Sirdaryo va Farg‘onaga — 15 nafardan, Buxoro va Namanganga — 13 nafardan, Jizzaxga — 12 nafar, Andijonga — 11 nafar hamda Qashqadaryoga 5 nafar kishi ko‘chib kelgan.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, xorijdan doimiy yashash uchun O‘zbekistonga ko‘chib kelayotganlar uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyati eng jozibador hududlar bo‘lib qolmoqda. Bu holatni poytaxtda iqtisodiy faollikning yuqoriligi, mehnat bozori imkoniyatlarining kengligi, ta’lim va tibbiyot xizmatlarining nisbatan rivojlangani, zamonaviy infratuzilma hamda transport imkoniyatlari bilan izohlash mumkin. Qolaversa, Rossiya, Qozog‘iston va Tojikiston kabi davlatlar bilan tarixiy, iqtisodiy va oilaviy aloqalarning mavjudligi ham migratsiya jarayonlariga ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.
Shu o‘rinda aytish joiz, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga doimiy yashash uchun ko‘chib keluvchilar oqimi sezilarli darajada ko‘paygan. Bu esa mamlakatdagi migratsiya jarayonlarini kuzatish va uning iqtisodiy hamda ijtimoiy ta’sirini o‘rganish zaruratini yanada oshiradi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA