O‘zbekistonga 2026-yil uchun qo‘shimcha 6 ming xalqaro avtomobil yuk tashuv ruxsatnomasi ajratiladi
Riga shahrida O‘zbekiston va Latviya transport vazirliklari o‘rtasida Xalqaro avtomobil yuk tashuvlari bo‘yicha Qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Transport vazirligining Xalqaro transportni tahlil qilish departamenti boshlig‘i Mirnosir Yusupov, Latviya delegatsiyasiga esa Avtomobil transporti direksiyasi boshqaruvi raisi Talivaldis Vektirans boshchilik qildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Xususan, o‘zaro tranzit yuk tashuvlari hajmini oshirish, tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, logistika zanjirlari samaradorligini oshirish hamda Yevropa yo‘nalishidagi yuk oqimlarini diversifikatsiya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Transport vazirligi axborot berishicha, O‘zbekiston milliy tashuvchilari uchun qo‘shimcha ruxsatnoma blankalari ajratilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu ruxsatnomalar 2026-yil 10-avgustga qadar tayyorlanib, xalqaro tashuvchilarga taqdim etiladi.

Shuningdek, tomonlar 2027-yil uchun ruxsatnoma blankalari kvotasini ikki barobar oshirish bo‘yicha ham kelishib oldi. Bu esa milliy tashuvchilarning Latviya va Yevropa Ittifoqi davlatlari yo‘nalishidagi xalqaro yuk tashuvlari imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xalqaro avtomobil transporti sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohani raqamlashtirish ishlarini izchil davom ettirish va o‘zaro konstruktiv muloqotni saqlab qolishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA