O‘zbekistondagi mavjud yo‘llar o‘rganiladi
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida Koreya Respublikasining “SAMAN” va “KECC” kompaniyalari rahbarlari hamda Koreya transport universiteti olimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda uzoq muddatli bosh reja, boshqaruv yo‘riqnomalari, davlat xususiy sherikchilik yo‘llarini ekspluatatsiya qilish va saqlash sifatini nazorat qilish standartlari hamda salohiyatini oshirish dasturlarini taqdim etish orqali O‘zbekistonda davlat xususiy sherikchilik asosida quriladigan yo‘llar uchun asos yaratish haqida so‘z bordi.

Hamkorlarning ta’kidlashicha, davlat xususiy sherikchiligi asosida quriladigan yo‘llar mamlakat iqtisodiy o‘sishi, shuningdek, aholining sifatli yo‘ldan foydalanishi va soha rivoji uchun muhimdir.

Endilikda umumiy qiymati 1 million dollarni tashkil etgan grant loyihasi doirasida O‘zbekistondagi mavjud yo‘llar o‘rganiladi. Yo‘llarni ta’mirlash, saqlash bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi. Davlat xususiy sherikchiligi asosida quriladigan yo‘llar doimiy nazoratda bo‘ladi va monitoring qilib boriladi. Muzokaralar chog‘ida ushbu loyihani amalga oshirish mexanizmini yaratish bo‘yicha fikr almashildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA