Özbekistonda “yaşil byudjetlaştiriş” islohotlari
Bugungi kunda jahon iqtisodiyoti oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — iqtisodiy ösişni taʼminlagan holda tabiiy resurslarni asrab-avaylaş va kelajak avlod uçun munosib yaşaş şaroitini yaratişdir. XXI asrda ekologik muammolar faqat ekolog yoki olimlarning tadqiqot doirasida qolmayapti. Iqlim özgarişi, suv tanqisligi, havo ifloslanişi va çöllaniş jarayonlari sanoat, qişloq xöjaligi, energetika, aholi salomatligi hamda davlat moliyasiga bevosita taʼsir körsatmoqda.
Şu bois ekologik barqarorlikni taʼminlaş iqtisodiy siyosatning ustuvor yönalişlaridan biriga aylanmoqda. Davlatlar endi nafaqat taraqqiyot uçun qança mablağ yönaltirilayotganiga, balki uşbu mablağlar qanday amaliy natija berayotganiga, tabiiy resurslardan qay darajada oqilona foydalanilayotganiga va kelgusida qanday iqtisodiy hamda ekologik xavflar yuzaga kelişi mumkinligiga ham alohida eʼtibor qaratmoqda.
Ana şunday şaroitda “yaşil byudjetlaştiriş” tizimi alohida ahamiyat kasb etmoqda. U davlat moliyasini ekologik maqsadlar bilan uyğunlaştiriş, byudjet qarorlarida iqlim özgarişi va atrof-muhitga taʼsirni inobatga oliş hamda davlat xarajatlarining natijadorligini baholaş imkonini beradi.

Bu yönaliş Özbekiston uçun ham nazariy jihatdan, ham amaliy jihatdan dolzarbdir. Mamlakatda suv resurslariga ehtiyoj, energetika samaradorligi, havo sifati va qişloq xöjaligining iqlim özgarişiga moslaşuvi barqaror rivojlanişning muhim omillari hisoblanadi. Ekologik maqsadlarni davlat byudjeti va investitsiya qarorlariga integratsiya qiliş esa iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlaşning muhim vositasiga aylanmoqda.
Sodda qilib aytganda, yaşil byudjetlaştiriş — davlat byudjeti daromadlari, xarajatlari va investitsiya qarorlarini ekologik hamda iqlim maqsadlari bilan boğlaş tizimidir. Bunda davlat mablağlari faqat iqtisodiy samaradorlik emas, balki atrof-muhitga taʼsiri nuqtai nazaridan ham baholanadi.
Davlat mablağlari hisobidan amalga oşirilayotgan loyiha qança energiya tejaydi? Suv resurslaridan foydalaniş samaradorligini qay darajada oşiradi? Havo ifloslanişini kamaytirişga qanday hissa qöşadi? Yoki aksinça, loyiha kelajakda ekologik zarar va qöşimça xarajatlarga sabab bölmaydimi?
Bunday masalalar byudjetni rejalaştiriş bosqiçidayoq tahlil qilinişi zarur. Çunki ekologik xavflarni loyiha yakunlanganidan keyin bartaraf etiş köpinça ularning oldini olişga nisbatan ança qimmatga tuşadi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlaniş taşkiloti ham yaşil byudjetlaştirişni iqlim va atrof-muhit maqsadlarini byudjet jarayoniga kiritiş hamda davlat moliyasining uşbu vazifalarga muvofiqligini baholaş vositasi sifatida talqin etadi.
Ayni paytda yaşil byudjetlaştiriş qamrovini faqat ekologik loyihalarga mablağ ajratiş bilan çeklab qöymaslik kerak. Uning asosiy vazifalaridan biri davlat xarajatlarining ekologik taʼsirini baholaş, mablağlarni ustuvor yönalişlarga yönaltiriş va erişilgan natijalarni ölçaşdan iborat. Muxtasar aytganda, yaşil byudjetlaştirişda xarajatning nomi emas, balki uning asoslanganligi va real natijasi hal qiluvçi mezon sanaladi.
Özbekistonda bu masala 2026-yilda davlat moliyasini boşqarişni takomillaştiriş jarayonlari bilan yanada uzviy boğlanmoqda. BMT Taraqqiyot dasturining 2026-yil 21-aprelda eʼlon qilingan hisobotida mamlakatimizda iqlim va yaşil ustuvorliklarni strategik rejalaştiriş hamda byudjet jarayoniga integratsiya qilişning amaldagi mexanizmlari tahlil qilingan. Hujjatda uşbu yönalişni qonunçilik, investitsiyalarni rejalaştiriş, byudjetlaştiriş va moliyalaştiriş tizimlarida yanada rivojlantiriş imkoniyatlari körsatib ötilgan.
Şuningdek, 2026-yil 18–19-iyun kunlari BMT Taraqqiyot dasturi va Özbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida davlat moliyasini Barqaror rivojlaniş maqsadlari va yaşil ustuvorliklar bilan uyğunlaştirişga bağişlangan amaliy öquv dasturi ötkazildi. Unda dasturiy byudjetlaştiriş, byudjet xarajatlarini yaşil yönalişlar böyiça belgilaş va davlat mablağlaridan foydalaniş natijalarini baholaş masalalari muhokama qilindi. Bundan taşqari, 2025-yilgi byudjet ijrosi maʼlumotlari asosida yaşil ustuvorliklar va Barqaror rivojlaniş maqsadlari böyiça xarajatlarni birgalikda belgilaş metodologiyasini sinovdan ötkaziş natijalari taqdim etildi.
Bu yönalişdagi asosiy vazifa — ekologik maqsadlar uçun mablağ ajratişning özi emas, balki ularning davlat moliyasidagi örni va samaradorligini aniq belgilaşdir. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining qöşma tahlillarida davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 9–11 foizi iqlimga ijobiy xarajatlar sifatida baholangani qayd etilgan. Biroq bunday körsatkiçni töğri talqin qiliş uçun hisoblaş metodologiyasi, xarajatlar qamrovi va qaysi byudjet körsatkiçiga nisbatan olinganini aniq biliş lozim. Aks holda, yaşil xarajatlar uluşi haqidagi raqamlar real ekologik samaradorlikni töliq aks ettira olmaydi.
Uşbu jarayon ekologik maqsadlarni umumiy siyosiy bayonotlardan byudjetni rejalaştiriş, mablağlarni taqsimlaş va natijalarni baholaş mexanizmlariga köçirişda muhim bosqiç bölmoqda. Şu bilan birga, yaşil xarajatlarni belgilaş mezonlarini aniqlaş, byudjet va investitsiya dasturlarini muvofiqlaştiriş, ekologik natijalarni kuzatib boriş hamda hisobotlar şaffofligini oşiriş dolzarb vazifa bölib qolmoqda.
Köpçilik iqlim özgarişini asosan havo haroratining kötarilişi bilan boğlaydi. Aslida esa uning iqtisodiy oqibatlari ança keng. Qurğoqçilik qişloq xöjaligi hosildorligini pasaytiradi. Suv tanqisligi sanoat va energetika sohalarida işlab çiqariş xarajatlarini oşiradi. Haddan taşqari issiq havo mehnat unumdorligiga taʼsir qiladi, havo ifloslanişi esa aholi salomatligi va soğliqni saqlaş xarajatlariga qöşimça yuk böladi.
Jahon bankining Özbekiston böyiça iqlim va taraqqiyot hisobotida qayd etilişiça, agar iqlimga moslaşiş çoralari körilmasa, 2050-yilga borib mamlakat iqtisodiyoti iqlim zararlari kuzatilmagan ssenariyga nisbatan taxminan 10 foiz qisqarişi mumkin. Uşbu körsatkiçni iqtisodiyot albatta 10 foizga qisqaradi, deb tuşuniş töğri emas. Bu moslaşiş çoralari yetarli bölmagan taqdirda iqtisodiy ösiş imkoniyatlari qay darajada çeklanişi mumkinligini körsatuvçi prognoz ssenariysidir.
Jahon banki tahliliga köra, iqlimga moslaşişga yönaltirilgan investitsiyalar iqtisodiy jihatdan ham foydali hisoblanadi. Jumladan, qişloq xöjaligida suv tejovçi texnologiyalarni joriy etiş, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qiliş va iqlimga moslaşgan işlab çiqariş usullaridan foydalaniş resurslardan samarali foydalanişga xizmat qiladi.
Özbekiston Respublikasining Parij bitimi doirasidagi 2035-yilgaça möljallangan Milliy miqyosda belgilangan hissasi (MMBH 3.0) ga muvofiq, iqlim özgarişiga moslaşiş va uning salbiy taʼsirini kamaytiriş katta moliyaviy resurslarni talab etadi. Xususan, energetika sohasida 2035-yilgaça iqlimni yumşatiş çoralari uçun 57 milliard AQŞ dollarigaça, qişloq xöjaligi va suv resurslarida moslaşuv çoralari uçun esa 2030-yilgaça 14,6 milliard dollar miqdorida mablağ zarur böladi. Turli maqsad va muddatlarga möljallangan bu ehtiyojlar ekologik barqarorlikni taʼminlaşda davlat byudjetini uzoq muddatli investitsiya rejalari bilan uyğunlaştiriş zarurligini yaqqol körsatadi.
Bunday şaroitda ekologik muammolarga qarşi kuraşişni faqat qöşimça xarajat sifatida baholaş bir yoqlama yondaşuv böladi. Töğri rejalaştirilgan ekologik investitsiyalar kelajakdagi zararlarni kamaytiradi, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlaydi va yangi işlab çiqariş imkoniyatlarini oçadi.
Xalqaro amaliyot yaşil byudjetlaştirişni joriy etişning turli modellari mavjudligini körsatadi. Masalan, Fransiyada 2020-yildan boşlab davlat byudjeti xarajatlarining ekologik taʼsirini baholaşga qaratilgan “Yaşil byudjet” hisobotlari joriy etilgan. Bu yondaşuv davlat xarajatlarini iqlim va atrof-muhitga taʼsiri jihatidan tahlil qiliş, ekologik taʼsirni byudjet hujjatlarida oçiq va tahliliy körsatiş imkonini beradi.
Yevropa Ittifoqida esa “Yaşil kelişuv” doirasida çiqindilarni kamaytiriş, energiya samaradorligini oşiriş va qayta tiklanuvçi energiya manbalarini rivojlantiriş siyosati olib borilmoqda. 2030-yilgaça issiqxona gazlari çiqindilarini 1990-yilgi darajaga nisbatan kamida 55 foizga qisqartiriş maqsadi ekologik ustuvorliklarni iqtisodiy siyosat va investitsiya rejalari bilan boğlaşning yorqin misolidir. Janubiy Koreyadagi “Yaşil ösiş” yondaşuvi esa energiya samaradorligi, ekologik texnologiyalar va qayta tiklanuvçi energiyani rivojlantirişga qaratilgan bölib, ekologik siyosatni faqat çeklovlar orqali emas, balki texnologik yangilaniş va yangi iqtisodiy imkoniyatlarni rağbatlantiriş orqali ham samarali yuritiş mumkinligini tasdiqlaydi. Albatta, har bir davlatning iqtisodiy tuzilmasi, byudjet imkoniyatlari va institutsional şaroiti farq qiladi. Şu bois xorijiy modellarni aynan köçiriş emas, ularning samarali mexanizmlarini milliy şaroitga moslaştiriş muhim ahamiyatga ega.
Ekologik siyosatning iqtisodiy taʼsiri faqat çiqindilarni kamaytiriş yoki energiya tejaş bilan çeklanmaydi. U mehnat bozori, innovatsiyalar va yangi tarmoqlar rivojiga ham bevosita taʼsir körsatadi. Xalqaro mehnat taşkilotining “Jahon bandligi va ijtimoiy istiqbollari: Yaşil iqtisodiyot sari iş örinlari bilan” hisobotiga köra, tegişli siyosat çoralari amalga oşirilsa, 2030-yilgaça dunyoda yaşil iqtisodiyotga ötiş natijasida 24 milliongaça yangi iş örni yaratilişi mumkin. Şu bilan birga, ayrim anʼanaviy tarmoqlarda — xususan, kömir, neft-gaz qazib oliş va qayta işlaş sohalarida taxminan 6 million iş örni qisqarişi ehtimoli qayd etilgan. Bunda sof natija taxminan 18 million qöşimça iş örnini taşkil etadi. Bu global prognoz bölib, har bir mamlakatdagi natija investitsiyalar hajmi, kadrlar malakasi, texnologiyalardan foydalaniş va mehnat bozorining moslaşuvçanligiga boğliq.
Özbekiston uçun qayta tiklanuvçi energetika, energiya samaradorligi, suv tejovçi texnologiyalar, çiqindilarni qayta işlaş va ekologik quriliş yönalişlari yangi tadbirkorlik imkoniyatlarini yaratadi. Buning uçun esa davlat moliyaviy kömagini kadrlar tayyorlaş, xususiy investitsiyalarni jalb etiş va texnologik yangilaniş bilan uyğunlaştiriş zarur. Şuningdek, ayrim tarmoqlardagi özgarişlar şaroitida kasbiy qayta tayyorlaş, mehnat bozori moslaşuvçanligi va ijtimoiy himoya çoralari ham ekologik siyosatning ajralmas qismi bölişi kerak.
Mamlakatimizda yaşil byudjetlaştirişni samarali rivojlantiriş uçun ekologik maqsadlarni byudjet hujjatlarida qayd etişning özi yetarli emas — ularni aniq natijalar, ölçanadigan körsatkiçlar va hisobdorlik mexanizmlari bilan boğlaş lozim.
Buning uçun, birinçidan, davlat byudjeti xarajatlarini yaşil yönalişlar böyiça tasniflaşning yagona va tuşunarli mezonlarini takomillaştiriş kerak. Bu turli vazirlik va idoralarning ekologik maqsadlarga yönaltirilgan xarajatlarini soliştiriş, takrorlanişni bartaraf etiş va mablağlar taqsimotini muvofiqlaştirişga yordam beradi.
Ikkinçidan, byudjet xarajatlarini natijalar bilan boğlaş zarur. Masalan, suv tejovçi texnologiyalarga ajratilgan mablağ qança suv tejalganiga, energiya samaradorligi loyihalari qança energiya iqtisod qilganiga va ekologik transportga yönaltirilgan investitsiyalar havo sifati hamda transport samaradorligiga qanday taʼsir körsatganiga qarab baholanişi lozim.
Uçinçidan, yaşil byudjetlaştirişni davlat investitsiyalari bilan uyğunlaştiriş muhim. Yirik infratuzilma loyihalari faqat quriliş xarajatlari va kutilayotgan daromadlar emas, balki iqlim xavflari, suv va energiya sarfi, kelgusi ekspluatatsiya xarajatlari hamda ekologik oqibatlar böyiça ham baholanişi kerak.
Törtinçidan, byudjet maʼlumotlarining şaffofligini oşiriş zarur. Ekologik maqsadlarga qança mablağ ajratilgani, qançasi sarflangani va qanday natijaga erişilgani haqida jamoatçilikka muntazam va oçiq axborot beriş davlat moliyasiga işonçni mustahkamlaydi.
Beşinçidan, yaşil loyihalar natijalarini mustaqil baholaş mexanizmlarini rivojlantiriş lozim. Bunda boşlanğiç holat, maqsadli körsatkiç va amaldagi natija özaro taqqoslanişi kerak. Loyihadan oldin va keyingi energiya yoki suv sarfi taqqoslanmasa, mablağning haqiqiy samarasini işonçli baholaş qiyin böladi.
Oltinçidan, yaşil byudjetlaştirişda ijtimoiy adolat tamoyili ham hisobga olinişi zarur. Energiya va suvdan foydalaniş şartlarining özgarişi aholining ehtiyojmand qatlamlariga yoki kiçik işlab çiqaruvçilarga haddan taşqari yuk bölmasligi kerak. Şu bois ekologik islohotlar iqtisodiy samaradorlik bilan birga ijtimoiy himoya çoralari bilan uyğunlaştirilişi lozim.
Darhaqiqat, yaşil byudjetlaştiriş — şunçaki ekologik tamoyil yoki tabiatni muhofaza qilişga qaratilgan qöşimça moliyaviy yönaliş emas. U davlat moliyasini uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyot, resurslardan oqilona foydalaniş va ekologik barqarorlik bilan uyğunlaştirişga xizmat qiladigan boşqaruv yondaşuvidir. Özbekiston uçun bu yönaliş, ayniqsa, suv resurslari çeklangan, energetikada samaradorlikni oşiriş dolzarb va iqlim özgarişi bilan boğliq xavflar ortib borayotgan şaroitda katta ahamiyatga ega. Yaşil byudjetlaştiriş davlat mablağlarini ustuvor vazifalarga yönaltiriş, kelajakdagi iqtisodiy zararlarni kamaytiriş va yangi investitsiya imkoniyatlarini şakllantirişga kömaklaşadi.
Asosiy mezon esa byudjetda qança mablağ “yaşil” deb qayd etilgani emas, balki uşbu mablağlarning qanday iqtisodiy va ekologik samara berganidir. Şuning uçun yaşil byudjetlaştirişning keyingi bosqiçi xarajatlarni belgilaşdan natijalarni baholaşga, alohida loyihalardan esa davlat moliyasini kompleks boşqarişga ötiş bilan boğliq bölişi kerak. Zero, haqiqiy iqtisodiy taraqqiyot faqat bugungi ösiş surʼatlari bilan emas, balki uşbu ösişning kelajak avlodlar uçun qanday iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik şaroit yaratişi bilan ham ölçanadi.
Kamoliddin Jabborov,
Özbekiston Milliy universiteti dotsenti,
iqtisodiyot fanlari doktori