O‘zbekistonda xorijiy universitetlar bilan yangi ta’lim loyihalari jadallashtiriladi
Xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimini shakllantirish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish va yoshlarga sifatli ta’lim imkoniyatlarini yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim loyihalari yuzasidan navbatdagi muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov raisligida xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ta’lim loyihalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbek—Fransuz universiteti, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining Toshkent shahridagi filiali, shuningdek, Xitoy, Yaponiya va Germaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarning borishi ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish, moliyalashtirish masalalarini hal etish, tashkiliy-huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirish, professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash hamda talabalar qabulini samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining Toshkent filiali bo‘yicha qurilish ishlarini tezlashtirish, filial faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish va abituriyentlarni keng jalb etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, O‘zbek—Fransuz universiteti faoliyati atroflicha tahlil qilinib, uni yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, magistraturaga qabul jarayonlarini takomillashtirish hamda infratuzilmani yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda Xitoy, Yaponiya va Germaniyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yangi ta’lim loyihalarini tezlashtirish, huquqiy hujjatlarni tayyorlash va amaliy chora-tadbirlarni samarali tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA