O‘zbekistonda talabalar soni bir milliondan oshishi kutilmoqda
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, hozirda mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarining soni 131 taga yetdi, o‘quv binolari koeffitsiyenti 1,5 barobarni tashkil qiladi. Ikkinchi smenada tahsil oladigan talabalar ko‘p.
2023-2024 o‘quv yiliga borib talabalar soni 1 milliondan oshishi kutilmoqda. OTMlar sonining oshishi talabalar qamrovining ko‘payishiga, bu esa yoshlarimizga Prezidentimiz tomonidan berilayotgan imkoniyat barobarida sifatli ta’lim ko‘rsatishda ta’lim muassasalariga qator vazifalarni ham qo‘ymoqda.
Yangi OTMlar ochilishi bilan malakali professor-o‘qituvchilar, yangi jihozlangan auditoriyalar, talabalar turar joylariga ehtiyoj ham vujudga keladi. Moddiy-texnik bazani davlat va oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga ma’lum bir muddatda mustahkamlash mumkin.
bugungi kunda respublika miqyosida talabalar turar joylarida 160 ming o‘ringa ehtiyoj mavjud. Barcha OTMlarda yangi talabalar turar joylarini qurish, bunga davlat, OTMlarning o‘zlari, tadbirkorlar va boshqa ish beruvchilarni jalb qilish zarurati haqida Prezidentimiz tomonidan 22 yanvar kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida alohida topshiriq berildi.
OTMlarda sifatli ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish, muassasa hududi va talabalar turar joylarida bepul WI-FI zonalarini kengaytirish bo‘yicha ishlar jadallashtiriladi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020/21-o‘quv yili boshiga respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar soni 571,5 mingtani tashkil etgan.
Shundan, talaba yigitlar – 311,5 ming nafarni tashkil etsa, talaba qizlarning soni 260 ming nafarga teng. 127 ta oliy ta’lim muassasalarining 88 tasida talabalar uchun yotoqxonalar mavjud.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA