O‘zbekistonda suvni tejash alohida tashabbusdan keng tizimga aylandi
Suv — qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil, oziq-ovqat barqarorligi va minglab oilalar daromadini ta’minlaydigan asosiy manba. Shu bois uning har bir tomchisidan oqilona foydalanish O‘zbekiston uchun hamisha muhim ahamiyatga ega. Ushbu muhim yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar va yangiliklardan xabardor bo‘lish uchun soha mutaxassislariga murojaat qildik.
Bugun iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ko‘payishi va suvga bo‘lgan talabning ortishi bu masalani yanada dolzarb qilmoqda. Endi ekin maydonlariga ko‘proq suv yetkazib berish emas, mavjud suvdan tejamkorlik bilan, aniq hisob-kitob va zamonaviy usullar asosida foydalanish talab etilmoqda. Shu bois ham so‘nggi yillarda mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasida asosiy e’tibor suvdan samarali foydalanish, ayniqsa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga qaratilyapti. Sohadagi o‘zgarishlar, joriy qilinayotgan yangi texnologiyalar xususida Suv xo‘jaligi vazirligining Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Qulmatov bilan suhbatlashdik.
- Ayting-chi, suv tejovchi texnologiyalar respublikamizda joriy etilganda qanday holatda edi, hozirda nima o‘zgardi?
- 2019-yilga qadar respublikamizda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar 28 ming gektarni tashkil etardi. O‘sha paytda bunday uskunalarni ishlab chiqaradigan bor-yo‘g‘i uchta mahalliy korxona faoliyat yuritgan, mahalliylashtirish darajasi esa atiga 10 foiz edi. Texnologiyalarning asosiy qismi chetdan keltirilgani sababli ularning narxi hamma fermerning ham qurbi yetadigan darajada emasdi.
Bundan tashqari, loyihani to‘g‘ri tayyorlaydigan muhandislar, uskunani o‘rnatadigan mutaxassislar va keyinchalik unga xizmat ko‘rsatadigan servis tizimi ham yetarlicha shakllanmagandi. Hududlarning tuproq va iqlim xususiyatlari har doim ham hisobga olinmas, fermer texnologiyani o‘rnatganidan keyin ishlatishga qiynalardi. Maqsadi daromad topish bo‘lgan fermer suv tejovchi texnologiyalarning foydalarini bilsa-da, uni joriy etishga shoshilmasdi. Chunki, katta mablag‘ sarflab, kutilgan natijani ololmaslik, tavakkal qilish har tomonlama xavfli edi.
Davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlovi bilan asta-sekin vaziyat o‘zgara boshladi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini subsidiyalash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik imtiyozli kreditlar, soliq yengilliklari, elektr quvvati xarajatlarining bir qismini qoplash va servis xizmatini kafolatlash kabi qo‘shimcha mexanizmlar joriy etildi.
Buning natijasida fermer uchun yangi texnologiyaga o‘tish tavakkalchilik emas, aniq hisob-kitobga asoslangan iqtisodiy qarorga aylana boshladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etgan xo‘jaliklarga har bir gektar uchun 8 million so‘mdan 16 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa bu miqdor 12 million so‘mdan 20 million so‘mgacha yetadi.
Yomg‘irlatib sug‘orishni joriy etganlar uchun gektariga 8 million so‘mdan 16 million so‘mgacha, diskret sug‘orish uchun esa 4 million so‘mdan 6 million so‘mgacha subsidiya berish belgilangan.
Suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan yer uchastkalari besh yilga yer solig‘idan ozod etiladi hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda hamda suv hisoblagich o‘rnatilganda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha 50 foizlik imtiyoz qo‘llaniladi.
Maxsus platforma orqali besh yil muddatga, shundan ikki yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada kredit olish imkoni ham yaratildi.
Albatta, ushbu yengilliklar fermerning dastlabki xarajatini kamaytiradi. Chunki tomchilatib yoki yomg‘irlatib sug‘orish tizimini o‘rnatish faqat quvur va shlang sotib olishdan iborat emas. Nasos, filtr, suv havzasi, elektr ta’minoti, loyihalash va montaj ishlari ham mablag‘ talab qiladi.
Yana bir muhim jihat — texnologiyani o‘rnatgan pudrat tashkiloti kamida ikki yillik kafolat va besh yillik servis xizmati ko‘rsatishi shart. Demak, uskuna ishdan chiqsa yoki tizim kutilganidek ishlamasa, fermer muammoni yolg‘iz hal qilishga majbur bo‘lmaydi.
- Suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashning eng afzal jihati nimada?
- Suv tejovchi texnologiyalarning eng katta afzalligi — suvni ekinga kerakli vaqtda va zarur miqdorda yetkazib berish imkonidir.
An’anaviy sug‘orishda suv dalaning bir qismiga ortiqcha to‘planib, boshqa qismiga yetib bormasligi mumkin. Tomchilatib sug‘orishda esa suv bevosita o‘simlik ildiziga yetkaziladi. Suv bilan birga mineral o‘g‘itni ham aniq me’yorda berish mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, bunday texnologiyalar suv sarfini 45–50 foizgacha, yoqilg‘i-moylash materiallari va mineral o‘g‘it xarajatlarini 25–35 foizgacha kamaytirmoqda. Hosildorlik esa 15–20 foizgacha oshmoqda.
Bu fermer uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta masalaning yechilishini anglatadi. Kamroq suv sarflanadi, nasoslar kamroq ishlaydi, elektr yoki yoqilg‘i xarajati qisqaradi. O‘g‘it suv bilan birga ildizga berilgani uchun uning ortiqcha sarfi ham kamayadi.
Hosildorlikning oshishi esa fermerning har gektardan oladigan daromadini ko‘paytiradi. Eng muhimi, suv kam kelgan yillarda ham ekinni belgilangan me’yorda sug‘orish imkoni saqlanib qoladi. Bu xo‘jalik faoliyatining barqarorligi uchun juda muhim.
Misol uchun, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Baxtiyor Ne’mat Shavkatjon” fermer xo‘jaligini olaylik. Mazkur xo‘jalikda 237 gektar maydon mavjud.
Xo‘jalik 2019-yilda dastlab 10 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orishni sinab ko‘rgandi. Olingan natija fermerni qoniqtirgach, keyingi yillarda barcha maydonlar bosqichma-bosqich suv tejovchi texnologiyaga o‘tkazildi.
2025-yilda 24 gektar paxta maydonida Xitoy texnologiyasi asosida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinib, birinchi terimning o‘zida gektaridan 80 sentner hosil olindi. Ilgari bu maydonlarda o‘rtacha hosildorlik 25–30 sentnerni tashkil etardi.
Yana bir misol ,Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi “Luqmonov” fermer xo‘jaligida 147 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish joriy qilinishi natijasida gektaridan 55–60 sentner hosil olishga erishildi.
Bu raqamlar zamonaviy sug‘orish usullarining samarasini ko‘rsatadi. Fermerlar uchun esa eng ishonchli misol — qo‘shni xo‘jalikdagi natija. Suv sarfi kamayib, hosildorlik oshganini ko‘rgan boshqa xo‘jaliklar ham yangi usulni qo‘llashga intilmoqda.
Qayd etish lozimki, shu kunga qadar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun Davlat byudjetidan 2.7 trillion so‘m subsidiya ajratildi. Shundan 1.7 trillion so‘mdan ortig‘i paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orishni joriy etgan korxonalarga yo‘naltirildi.
- Suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqishda mahalliy korxonalarimiz faolmi?
- Suv tejovchi texnologiyalar qamrovining kengayishi faqat sug‘orish usullarini emas, ularni ishlab chiqarish bozorini ham o‘zgartirdi. Agar yetti yil avval bor-yo‘g‘i uchta mahalliy korxona ishlagan bo‘lsa, bugun ularning soni 64 taga yetgan. Ya’ni ishlab chiqaruvchilar soni 20 barobardan ziyodga ortdi.
O‘zgarish faqat korxonalar sonida emas. Ilgari mahalliylashtirish darajasi 10 foizni, yillik ishlab chiqarish quvvati 5.5 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 80 foiz va 250–300 ming gektarga yetgan. Demak, tarmoqning yillik quvvati qariyb 45–55 barobar oshgan.
- Bu borada ilm va amaliyot uyg‘unligi mavjudmi?
- Albatta, suv tejovchi texnologiyani sotib olib, dalaga o‘rnatish bilan ish tugamaydi. Tizimni to‘g‘ri loyihalash, suv bosimini hisoblash, filtrlarni o‘z vaqtida tozalash, shlanglarni mavsumga tayyorlash va ekin turiga qarab sug‘orish me’yorini belgilash kerak.
Shuning uchun uskuna bilan birga bilim va malaka ham zarur.
Avvallari ushbu yo‘nalishda o‘n nafardan sal ortiq mutaxassis faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 5 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda. O‘ttiz nafardan ortiq tadqiqotchi suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.
Oliy ta’lim muassasalarida “Suv tejamkor sug‘orish texnologiyalari” magistratura mutaxassisligi va “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” bakalavriat yo‘nalishi tashkil etildi. Texnikumlarda esa suv tejovchi sug‘orish tizimlariga xizmat ko‘rsatish texniklari tayyorlanmoqda.
- Suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etilayotgan maydonlar kengayyaptimi?
- Amalga oshirilgan islohotlar natijasida respublika bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar qariyb 1 million gektarga yetdi. Jumladan, ayni paytda 664 ming gektarda tomchilatib, 121 ming gektarda yomg‘irlatib, 73 ming gektarda diskret sug‘orish tizimlari qo‘llanilmoqda. Yana 107 ming gektarda boshqa turdagi suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.
Shu bilan birga, 1.6 million gektar maydon lazerli uskunalar yordamida tekislandi. Yerning tekis bo‘lishi suvning dala bo‘ylab bir xil tarqalishini ta’minlab, ortiqcha sarf va suv to‘planishining oldini oladi.
2026-yilning o‘zida suv tejovchi texnologiyalar qamrovi 331.8 ming gektarga kengaydi. Xususan, 136 ming gektarda tomchilatib, 26.7 ming gektarda yomg‘irlatib, 12.1 ming gektarda diskret hamda 157 ming gektarda boshqa turdagi texnologiyalar joriy qilindi. Bundan tashqari, 302.3 ming gektar maydon lazerli uskunalar bilan tekislandi.
Keyingi bosqichda bu ko‘lamni yanada oshirish rejalashtirilgan. 2026–2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlarni 3.5 million gektarga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu hozirgi ko‘rsatkichni qariyb 3.6 barobar oshirishni anglatadi. Natijada har yili 5 milliard kub metr suvni tejash maqsad qilingan.

Shu ma’noda, suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish suv sarfini kamaytirish bilangina cheklanmaydi. U hosil yetishtirish barqarorligi, fermerlar daromadi va mamlakat oziq-ovqat ta’minotiga bevosita ta’sir qiluvchi iqtisodiy omilga aylanmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida suv xo‘jaligidagi o‘zgarishlarga nazar tashlar ekanmiz, soha endi faqat suv yetkazib berish bilan emas, uni aniq hisob, zamonaviy texnologiya va iqtisodiy samara asosida boshqarishga o‘tilayotganini ko‘ramiz.
Eng muhimi, suvni tejash endi alohida bir fermer xo‘jaligining emas, butun mamlakatning manfaatiga aylandi. Chunki bugun tejalgan har bir kub metr suv ertaga qo‘shimcha hosil, saqlab qolingan ekin maydoni va barqaror oziq-ovqat ta’minoti demakdir. Shu bois kelgusi yillardagi asosiy mezon texnologiyalar necha gektarga o‘rnatilgani emas, ular amalda qancha suv va mablag‘ni tejayotgani bilan belgilanadi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA