O‘zbekistonda perinatal tibbiyot: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba
Nukusda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil qilingan “O‘zbekistonda perinatal tibbiyot: bugun va ertaga” mavzusidagi II xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasi, Shveysariya, Portugaliya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlardan 10 dan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Anjuman akusherlik, ginekologiya, perinatal tibbiyot va neontologiya sohalaridagi zamonaviy yondashuv va yutuqlarni muhokama qilish, ilmiy va amaliy tajriba almashish hamda ona va bola salomatligini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda ilmiy tadqiqotlar natijalari, klinik kuzatuvlar va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ayollar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy usullarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, milliy va xalqaro tajribani o‘rganish, mutaxassislar o‘rtasida professional hamkorlikni kengaytirish hamda uzluksiz tibbiy ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, zamonaviy perinatal tibbiyot yangi demografik, epidemiologik va tashkiliy chaqiriqlar sharoitida rivojlanmoqda. Homiladorlik va tug‘ruq bilan bog‘liq asoratlarni tashxislash, davolash va profilaktikasida sezilarli natijalarga erishilayotganiga qaramay, onalar va perinatal kasallanish, og‘ir klinik holatlar hamda oldini olish mumkin bo‘lgan yo‘qotishlar muammosi dolzarbligicha qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan, onalar o‘limi, og‘ir akusherlik asoratlari yoki perinatal yo‘qotishlarning har bir holatini chuqur tahlil qilish, tibbiy yordam ko‘rsatishdagi yondashuvlarni takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Anjumanda bu borada turli yo‘nalishdagi mutaxassislarning o‘zaro fikr va tajriba almashishiga keng imkoniyat yaratildi.
Muhokamalarda akusherlikdagi og‘ir holatlarni erta aniqlash va ularning oldini olish, prenatal skriningni takomillashtirish, kritik holatlar xavfini kamaytirish, reproduktiv texnologiyalarni rivojlantirish hamda dalillarga asoslangan tibbiyot yutuqlarini klinik amaliyotga tatbiq etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Xususan, homiladorlik va tug‘ruqning og‘ir asoratlariga olib keluvchi akusherlik qon ketishi, preeklampsiya, sepsis, tromboembolik kasalliklar va boshqa xavfli holatlarni erta aniqlash, bemorlarni o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga yo‘naltirish hamda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Perinatal yo‘qotishlarni kamaytirish, ayniqsa, erta tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini asrash masalalari ham anjumanning muhim yo‘nalishlaridan bo‘ldi. Bu borada profilaktika choralarini kuchaytirish, tibbiy yordam sifatini oshirish va ilg‘or klinik amaliyotlarni joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Anjuman doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida “Bachadon bo‘yni saratoni milliy skriningini tashkil etish va o‘tkazishning dolzarb masalalari. Janubiy Koreya va O‘zbekiston tajribasi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar ham o‘tkazildi.
Unda bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash va profilaktika qilish, aholi o‘rtasida milliy skrining tadbirlarini samarali tashkil etish, zamonaviy diagnostika usullaridan foydalanish hamda xalqaro tajribani amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Seminarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya mutaxassislari o‘zaro tajriba almashib, sohadagi amaliy yondashuvlar yuzasidan fikr yuritdi. Shuningdek, tibbiy hamkorlikni kengaytirish, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Ikki kunlik anjuman doirasida mahalliy mutaxassislar uchun mahorat darslari, ekspertlar sessiyalari va o‘quv modullari tashkil etildi.
[gallery-31507]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari