O‘zbekistonda "Ozarbayjon kinosi kunlari"
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazida "Ipak yo‘li durdonasi" kinofestivali doirasida Toshkent va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadigan "Ozarbayjon kinosi kunlari" ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» Milliy agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston madaniyat va san’at jamoatchiligi vakillari, mahalliy ozarbayjonlar, ko‘plab ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.



Markaz direktori Samir Abbosov Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi, o‘tkazilgan uchrashuvlar, imzolangan shartnomalar mamlakatlarimiz hamkorligida yangi sahifalar ochganini ta’kidladi.
Zero, o‘tgan yil ham, bu yil ham mazkur xalqaro kinofestivalda keng namoyish qilingan Ozarbayjon kinolari O‘zbekistonda katta qiziqish bilan kutib olingan.



«O‘zbekkino» Milliy agentligi rasmiy vakili,«Yoshlik» kinostudiyasi rahbari Adham Nurqulov ikki davlatning kino sohasidagi hamkorligi haqida so‘zladi. Bu yil nufuzli kino anjumanida dunyoning 35 mamlakatidan 300 nafardan ziyod, rejissyorlar, aktyorlar, soha mutaxassislari ishtirok etayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda so‘z olgan Gulyanog‘ Mammadova O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangani uchun O‘zbekiston xalqiga, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, festival ishiga muvaffaqiyat tiladi.



So‘ngra Ayoz Salayevning «Er», Ilgar Najafning "Sug‘ra va uning o‘g‘illari" filmlari namoyish etildi. Rejissyorlar filmlari haqida gapirib berdilar.
Kino asarlari tadbir ishtirokchilari olqishiga sazovor bo‘ldi.
Qayd etish kerak, Xalqaro kinofestivalning davomi sifatida mazkur ozar filmlari 17 sentyabr kuni Buxoro shahrida namoyish etiladi.



G‘.Xonnazarov, O‘zA