O‘zbekistonda islomiy bank xizmatlarini litsenziyalash boshlandi
Banklar uchun islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyalash jarayoni boshlandi. Dastlab an’anaviy banklar tarkibida «islomiy darcha»lar ishga tushirilishi, keyinchalik esa to‘liq islomiy banklar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlarini amaliyotga joriy etish borasida yangi bosqich boshlandi. Markaziy bank islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish istagida bo‘lgan tijorat banklarini litsenziyalash jarayonini boshladi. Bu haqda Тошкентda bo‘lib o‘tgan “Silk Road Finance & Technology Forum”da Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov ma’lum qildi.
Yangi tartib mamlakat bank-moliya tizimida islomiy moliya tamoyillariga asoslangan xizmatlarni qonuniy va tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Bunda banklar uchun ikki turdagi litsenziya nazarda tutilmoqda.
Birinchi turdagi litsenziya to‘liq islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatadigan alohida islomiy banklar uchun beriladi. Ikkinchi turdagi litsenziya esa amaldagi tijorat banklariga o‘z tarkibida «islomiy darcha» ochish va alohida yo‘nalish sifatida islomiy bank mahsulotlarini taklif qilish imkonini beradi.
Hozircha O‘zbekistonda biror bank islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish uchun mazkur litsenziyani olmagan. Biroq Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, litsenziyalash jarayoni boshlangan va dastlab an’anaviy tijorat banklari tarkibida «islomiy darcha»lar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Sanjar Nosirovning ta’kidlashicha, jarayon belgilangan muddatlarda amalga oshirilsa, 2026-yil oxiriga qadar O‘zbekistonda ilk islomiy bank xizmatlari taklif etilishi mumkin.
Bu aholi va tadbirkorlar uchun bank xizmatlaridan foydalanishda yangi imkoniyatlarni yaratadi. Xususan, islomiy moliya tamoyillariga asoslangan investitsiyaviy omonatlar, moliyalashtirish va boshqa mahsulotlar bank xizmatlari qatoriga qo‘shilishi mumkin.
Islomiy moliyaning asosiy xususiyati — moliyaviy operatsiyalarni shariat tamoyillari va belgilangan qoidalar asosida amalga oshirishdir. Bunda foizga asoslangan an’anaviy kreditlash o‘rniga savdo, ijara, sheriklik va investitsiyaga asoslangan moliyaviy instrumentlardan foydalaniladi. Jumladan, murobaha, mudoraba, vakala, ijara va istisno kabi instrumentlarni amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Masalan, mudoraba va vakala mexanizmlari orqali banklar aholidan mablag‘ jalb qilib, ularni belgilangan tartib va islomiy moliya tamoyillari asosida investitsiya qilishi mumkin. Murobaha esa tovar yoki aktivni bank tomonidan sotib olib, belgilangan ustama bilan mijozga sotishga asoslangan moliyaviy instrumentlardan biri hisoblanadi.
Yangi xizmatlar faqat bank ofislari bilan cheklanib qolmasligi, kelgusida mobil ilovalar va onlayn platformalar orqali ham taqdim etilishi rejalashtirilgan. Muvofiqlik ustidan nazorat kuchaytiriladi. Islomiy moliya tizimini joriy etishda xizmatlarning belgilangan standartlarga muvofiqligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tizim doirasida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarning o‘zida esa alohida kengashlar faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu tuzilmalar islomiy moliya mahsulotlari va operatsiyalarining belgilangan talablarga muvofiqligini nazorat qilishda muhim o‘rin tutadi. Islomiy bank faoliyati uchun huquqiy asos yaratgan qonun 2026-yil 29-iyuldan kuchga kirgan. Bu esa O‘zbekiston bank-moliya tizimida yangi yo‘nalishni shakllantirish uchun huquqiy poydevor yaratdi. Rejaga ko‘ra, 2026-yilda kamida bitta tijorat bankida «islomiy darcha» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026–2030-yillar davomida esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiradigan ikkita bank tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ekspertlar nuqtai nazaridan, islomiy moliya xizmatlarining joriy etilishi O‘zbekiston bank bozorida mahsulotlar turini kengaytirish, aholi va tadbirkorlarga muqobil moliyalashtirish imkoniyatlarini yaratish hamda moliya bozorida raqobatni kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin. Shu tariqa, O‘zbekistonda islomiy moliya endi faqat alohida moliyaviy instrument sifatida emas, balki bank tizimining yangi va qonuniy tartibga solinadigan yo‘nalishi sifatida shakllanmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA