O‘zbekistonda ilk bor qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun yosh iqtidorlarni aniqlashga qaratilgan milliy tanlov tashkil etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qishloq xo‘jaligi hamda Suv xo‘jaligi vazirliklari, shuningdek, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) hamkorligida mamlakatimizda ilk bor qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun yosh iqtidorlarni aniqlashga qaratilgan “FAO Young Talents” milliy tanloviga start berilmoqda.
Mazkur loyihaning asosiy maqsadi soha uchun xalqaro darajadagi malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish, yuqori salohiyatli yosh mutaxassislarni aniqlash hamda ularni nufuzli xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritishlari uchun maqsadli tayyorlashdan iborat.
Tanlov doirasida oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslarini boshqarish va suv diplomatiyasi, raqamli qishloq xo‘jaligi, iqlim o‘zgarishiga moslashuv hamda agrar sohani moliyalashtirish kabi strategik yo‘nalishlar qamrab olinadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun oliy ma’lumotga hamda davlat xizmati yoki xususiy sektorda kamida 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan, 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari my.bsa.uz portali orqali ariza topshirishlari mumkin.
Nomzodlarni saralash jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, u hujjatlarni elektron tekshirish, intellekt (IQ) va mutaxassislik bilimlari bo‘yicha test sinovlari, nomzodlarning boshqaruv qobiliyati va liderlik salohiyatini aniqlovchi Assessment markazi hamda yakuniy komissiya suhbatini o‘z ichiga oladi.
Ta’kidlash joizki, test sinovlaridan 71 foiz va undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlargina keyingi bosqichlarga yo‘llanma oladi.
Saralash yakunlariga ko‘ra eng munosib deb topilgan 50 nafar g‘olib Diplomatiya akademiyasida ikki haftalik maxsus tayyorgarlik kursida tahsil oladi. Shundan so‘ng, dasturning eng muhim bosqichi sifatida g‘oliblar 2026-yil davomida FAO va IFAD tizimidagi xorijiy mintaqaviy ofislarida bosqichma-bosqich stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu sa’y-harakatlar O‘zbekistonning agrar sohadagi istiqbolli kadrlarini xalqaro standartlar asosida tayyorlash va sohani modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA