O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni: muhim kelishuvlar muhokama etildi
Poytaxtimizda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yirik xalqaro forum – “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni” o‘tkazildi. “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida tashkil etilgan mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash, investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi.
Forum Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi – AHK tomonidan, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZ hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Germaniya hukumat doiralari, xalqaro moliyaviy institutlar, yirik sanoat kompaniyalari, investorlar, biznes doiralari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Tadbir Germaniya biznesining O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani, mamlakatda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay imkoniyatlar va iqtisodiy islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etib, Germaniya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u mamlakatda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar haqida fikr bildirdi.
[gallery-29479]
Anjumanning asosiy maqsadi ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish va qo‘shma sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iborat bo‘ldi. Forum doirasida biznes yuritishdagi mavjud muammolarni muhokama qilish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, logistika va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
– Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik keyingi yillarda qator sohalarda jadal rivojlanmoqda, - dedi tadbirda so‘z olgan GFRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer. – Hozirda O‘zbekistonda nemis kapitali ishtirokidagi 200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik uchun imkoniyatlar kengaydi. 2025-yilning boshida kuchga kirgan Migratsiya va mobillik sohasidagi keng qamrovli sheriklik bitimi buning uchun samarali asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu shartnoma o‘zbekistonlik mutaxassislarning Germaniyada qonuniy ishlashi va tahsil olishini soddalashtirdi.
Forum davomida ikki asosiy panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Birinchi panel sifatida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan nemis kompaniyalari va investorlari faoliyatida dolzarb bo‘lgan masalalar muhokama qilindi. Unda investitsiya siyosati, ma’muriy tartiblarni soddalashtirish, huquqiy kafolatlar va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash yuzasidan takliflar bildirildi.
Muhokamalar davomida investorlarni qiziqtirayotgan amaliy masalalarni tezkor hal qilish va yangi sanoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi.
– Kompaniyamiz O‘zbekistondagi faoliyatini 2018-yilda boshlagan, - deydi “SCHNEIDER GROUP” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Nazokat Rasulova. – Hozirda 100 dan ziyod tashkilotga buxgalteriya hisobi, soliq va yuridik maslahatlar kabi konsalting xizmatlarini ko‘rsatib kelayapmiz. Maqsadimiz O‘zbekistonga chet el biznesini jalb etish.
Forumning keyingi mavzusi kasbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlandi. Unda Germaniya tajribasi asosida dual ta’lim tizimini rivojlantirish, ishlab chiqarish uchun malakali mutaxassislar tayyorlash va ta’lim dasturlarini sanoat ehtiyojlariga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, Germaniya standartlariga muvofiq amalga oshirilayotgan kasbiy tayyorgarlik dasturlari mamlakatimizda mehnat bozorini rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Tadbir yakunida mamlakatimiz hamda Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yanada kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA