O‘zbekistonda dasturlash musobaqalari ekotizimi rivojlanadi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ICPC Foundation prezidenti Uilyam Pucher bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekistonda dasturlash musobaqalari ekotizimini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatning nufuzli xalqaro dasturlash musobaqalaridagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
ICPC — dunyoning turli mamlakatlaridan iqtidorli talabalarni birlashtiruvchi nufuzli xalqaro dasturlash musobaqasi bo‘lib, unda 70 mingdan ortiq talaba va 4 mingdan ziyod universitet ishtirok etadi. Jahon finalida esa 140 ta universitet jamoasi o‘zaro bellashadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston ICPC bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, ICPC Jahon finalini mamlakatimizda o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga qiziqish bildirayotgani ta’kidlandi.
Bunday nufuzli xalqaro musobaqalarni O‘zbekistonda o‘tkazish global texnologik hamjamiyat bilan aloqalarni mustahkamlash, mahalliy yoshlarning salohiyatini namoyon etish va dasturlashga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish uchun muhim imkoniyat bo‘lishi qayd etildi.
Shuningdek, mamlakatimizda dasturlash bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlash va tayyorlash, universitetlar o‘rtasidagi musobaqalarni rivojlantirish, o‘qituvchi va trenerlar salohiyatini oshirish hamda yoshlarni xalqaro bellashuvlarga jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda ICPC Foundation bilan hamkorlikda mahalliy universitetlar va IT Park ishtirokida dasturlash musobaqalari ekotizimini rivojlantirish, yoshlar uchun yangi ta’lim va amaliy tajriba imkoniyatlarini yaratish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, ICPC Jahon finali doirasida talabalarni volontyorlik faoliyatiga jalb etish, ularning xalqaro tajribasini oshirish, shuningdek, ICPC bitiruvchilari va xalqaro texnologik kompaniyalar vakillari bilan aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida dasturlash ta’limini rivojlantirish, yoshlarning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini kengaytirish va ICPC Foundation bilan istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA