O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi oshib bormoqda
O‘zbekiston iqtisodiyotida raqamlashtirish, zamonaviy xizmatlar va ichki iste’mol hajmi sezilarli darajada kengaymoqda. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sektori yildan-yilga yuqori sur’atlar bilan o‘sib, yangi ish o‘rinlari va iqtisodiy faollikning asosiy manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlarining umumiy hajmi 406,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 16,6 foizga ko‘p.
Xizmatlar sohasining tarmoqlar bo‘yicha tahlili shuni ko‘rsatadiki, an’anaviy tarzda eng katta ulush savdo xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu yo‘nalishda 101,8 trillion so‘mlik ishlar bajarilgan. Keyingi o‘rinlarni yashash va ovqatlanish xizmatlari (69,1 trillion so‘m), transport sohasi (66,9 trillion so‘m) hamda moliyaviy xizmatlar (65,6 trillion so‘m) band etgan.
Zamonaviy texnologiyalar va raqamlashtirish davrida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 30,9 trillion so‘mga yetgan bo‘lsa, ijtimoiy sohalardan ta’lim tizimida 14,5 trillion so‘mlik, sog‘liqni saqlash sohasida esa 7,3 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar 9,2 trillion so‘mni, shaxsiy xizmatlar 7,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Aholiga qulaylik yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash hamda ijara xizmatlarining har biri 5,1 trillion so‘mdan aks etgan bo‘lsa, me’morchilik, muhandislik izlanishlari va texnik sinovlar sohasiga 4,8 trillion so‘m to‘g‘ri keldi. Ro‘yxatga olingan boshqa turdagi xizmatlar hajmi esa jami 18,8 trillion so‘mni tashkil etgan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA