O‘zbekistonda biometrik pasportlar xavfsizligi yanada mustahkamlandi
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti Personallashtirish markazi delegatsiyasi Kanadaning Monreal shahrida joylashgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) bosh ofisiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston fuqarolarining biometrik pasportlari xavfsizligini ta’minlovchi raqamli sertifikatlar – PKI (Ochiq kalitlar infratuzilmasi) va ICAO PKD (Ochiq kalitlar reyestri) – muvaffaqiyatli yangilandi.
Bu jarayon ICAOning Doc 9303 xalqaro standarti talablariga to‘liq mos ravishda amalga oshirildi.
Yangilangan sertifikatlar ICAO PKD tizimi orqali barcha ishtirokchi davlatlarga yuborildi. Bu, o‘z navbatida, dunyoning istalgan nuqtasidagi xorijiy davlatlar chegara xizmatlari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining biometrik pasportlarini tekshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etadi.
Ushbu yangilanish biometrik pasportlardagi ma’lumotlarning yaxlitligini va xalqaro sayohatlar xavfsizligini yanada samarali ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi ICAO PKD tizimining faol ishtirokchisi sifatida elektron hujjatlar infratuzilmasini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi.
N.Abduraimova, O‘zA