O‘zbekistonda “Barselona” futbol akademiyasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, “Barselona” futbol klubi ijroiya jamoasi a’zosi Sezar Martines hamda klubning bilimlar, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar platformasi – “Barca Innovation Hub” bosh direktori Albert Mundet ishtirokida Zoom platformasi orqali o‘tkazilgan uchrashuvda “Barselona” futbol akademiyasini mamlakatimizda tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish, yosh futbolchilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash hamda zamonaviy futbol metodologiyasini joriy etish maqsadida “Barselona” futbol klubining akademiyasi –"Barsa Academy" loyihasini mamlakatimizda amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
"Barsa Academy" faoliyati, uning ta’lim tizimi, murabbiylar malakasini oshirish, zamonaviy futbol falsafasini joriy etish va iqtidorli futbolchilarni saralash borasidagi tajribasi yuzasidan fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda "Barsa Academy" loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish, bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish, mahalliy murabbiylar malakasini oshirish hamda futbol sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA