O‘zbekistonda animatsiya iste’dodlarini rivojlantirish dasturi yo‘lga qo‘yiladi
Inson miyasi vizual ma’lumotni matnga nisbatan tezroq qabul qiladi. Animatsiya esa bu ma’lumotlarning yanada tez yodda qolishi va tasavvur dunyosi rivojlanishiga yordam beradi. Yurtimizda ilk bor animatsiya olamida dunyo yetakchisi bo‘lgan Yaponiya bilan hamkorlikda iste’dodlarni rivojlantirish dasturi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu shunchaki o‘quv kursi emas, balki milliy qahramonlarimizni dunyo ekranlariga olib chiqish uchun tashlangan strategik qadamdir.

Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda ELF-IN Co., Ltd o‘rtasida animatsiya va kompyuter grafikasi (CG) sanoatini rivojlantirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik uchun animatsiya sohasida yetuk mutaxassislarni tayyorlashga 700 ming AQSH dollaridan ziyod grant ajratilishi kutilmoqda.

Hamkorlik doirasida Yaponiya bozoriga yo‘naltirilgan animatsiya ta’limi yo‘lga qo‘yilib, yetakchi yapon mutaxassislari jalb etiladi. Kompaniyaning O‘zbekistonda sho‘’ba korxonasi ochilib, yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratiladi. Milliy o‘zbek anime mahsulotlarini yaratish va ularni xalqaro bozorlarga olib chiqish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning global AT xizmatlar eksportidagi o‘rnini mustahkamlash, ijodiy sanoatni rivojlantirish va yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA