O‘zbekistonda 1,2 milliondan ortiq tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va davlat ishtirokini qisqartirishga qaratilgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan an’anaviy ochiq muloqotlarda xususiy sektorni iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida e’tirof etib, davlat idoralarining eng muhim vazifasi tadbirkor uchun qulay shart-sharoit yaratish ekanini bir necha bor ta’kidlab kelmoqda.
Bu yondashuv asosida kichik biznesni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy qilindi. Bu islohotlarning natijasi raqamlarda ham o‘z aksini topmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga mamlakatda 1 million 236 ming 126 ta kichik tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Bu xususiy sektor mamlakat iqtisodiyotining eng yirik va eng dinamik tarmog‘iga aylanganini anglatadi.
Faoliyat ko‘rsatayotgan sub’ektlarning 526,7 mingtasini kichik korxona va mikrofirmalar, 709,5 mingtasini esa yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, hunarmandlar va boshqa kichik biznes vakillari tashkil etadi. Bu raqamlar ikki muhim xulosani chiqarish imkonini beradi. Birinchidan, aholining tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda.

Ikkinchidan, iqtisodiyotda o‘zini o‘zi band qilish, xizmat ko‘rsatish va mikrobiznes ulushi ortib bormoqda. Bu esa aholi daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishda muhim omil hisoblanadi. 2026-yilning birinchi yarmida 44 mingta yangi kichik korxona va mikrofirma tashkil etildi. Bu raqam har kuni o‘rtacha 240 dan ortiq yangi biznes ish boshlaganini anglatadi.
Buning ortida davlat xizmatlarini raqamlashtirish, tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish, litsenziya va ruxsatnomalarni qisqartirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimining kengayishi kabi omillar turibdi.
Kichik biznes YAIMning qariyb yarmini yaratmoqda. Milliy statistika qo‘mitasining birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, kichik biznes tomonidan 194,8 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat yaratildi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 45,6 foizni tashkil etdi.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida — 94,6 foiz, qurilishda — 77 foiz, xizmatlar sohasida — 47,1 foiz, sanoatda — 21,8 foiz kichik biznes hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu raqamlar kichik biznes iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida muhim o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi.
2026-yilgi O‘zbekiston bo‘yicha hisobotida Xalqaro valyuta jamg‘armasi mamlakat iqtisodiyoti barqaror yuqori o‘sishni saqlab qolayotgani, inflyatsiya pasayish tendensiyasiga o‘tayotgani, byudjet va tashqi sektor ko‘rsatkichlari yaxshilanayotganini qayd etdi.
Hisobotda iqtisodiy o‘sishning muhim omillaridan biri sifatida xususiy sektorni rivojlantirish, bozor mexanizmlarini kengaytirish va davlat ishtirokini qisqartirish siyosati e’tirof etilgan. OECD ham O‘zbekistonda biznes muhiti so‘nggi yillarda yaxshilanganini, tadbirkorlar huquqiy islohotlarni ijobiy baholayotganini qayd etar ekan, islohotlarning amalda to‘liq ishlashi va raqobat muhitini yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidlaydi.

Iqtisodchilarning fikricha, endilikda asosiy e’tibor tadbirkorlar sonini ko‘paytirishdan ko‘ra, ularning samaradorligini oshirishga qaratilishi lozim. Buning uchun, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish,
raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan foydalanish, eksportbop mahsulotlar ulushini oshirish, kichik biznesni yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, kapital bozorlariga chiqishni yengillashtirish va bank xizmatlarini takomillashtirish ham kelgusi o‘sishning muhim omillaridan hisoblanadi.
Markaziy bank iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiyani pasaytirish va moliyaviy sektorni mustahkamlashni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Barqaror makroiqtisodiy muhit tadbirkorlar uchun investitsiya rejalarini ishonchli tuzish va uzoq muddatli rivojlanishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, moliyaviy tizimda kreditlash imkoniyatlarini kengaytirish va xususiy sektor faolligini oshirish iqtisodiy o‘sishning muhim omillaridan biri sifatida baholanmoqda.
Xulosa o‘rnida aytganda, bugungi kunda 1,2 milliondan ziyod kichik tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritishi Yangi O‘zbekistonda xususiy sektor iqtisodiyotning asosiy tayanchiga aylanganini ko‘rsatadi.
Biroq raqamlarning o‘zi yetarli emas. Endi har bir korxonaning raqobatbardoshligi, mehnat unumdorligi, innovatsion faolligi va eksport salohiyatini oshirish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Prezident tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar, davlat tomonidan yaratilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, Milliy statistika qo‘mitasi qayd etayotgan ijobiy dinamika, Markaziy bankning makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash siyosati va xalqaro tashkilotlarning ijobiy baholari O‘zbekistonda kichik biznes kelgusi yillarda ham iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lib qolishini ko‘rsatmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA