O‘zbekiston yoshlari yana bir jahon chempionatiga yo‘l oldi
Shu kunlarda AQSHning Kaliforniya shtatida “Microsoft Office Specialist” hamda “Adobe Certified Professional” xalqaro musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda. Unda milliy chempionatda g‘olib bo‘lgan iqtidorli yoshlarimiz yurtimiz sharafini himoya qilish uchun ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli musobaqada 100 dan ortiq davlatdan kelgan yoshlar Microsoft (Word, Excel, PowerPoint) va Adobe (Photoshop, Illustrator, InDesign) dasturlari bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari Yoshlar kuniga bag‘ishlangan uchrashuvda xalqaro professional sertifikatlarni ommalashtirish va zamonaviy kasblarni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalish sifatida ta’kidlagan edi. Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu chempionat yoshlarimizning global mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini namoyish etish uchun muhim qadamdir.

Shuningdek, safar doirasida o‘tkaziladigan “2026 Global Partner Summit” xalqaro sammiti vakillarimizga qator imkoniyatlarni taqdim etadi.
Jumladan, dunyoning eng kuchli raqamli mutaxassislari bilan bellashish, global texnologik kompaniyalar ekspertlari bilan tajriba almashish hamda mamlakatimizda xalqaro professional sertifikatlash tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA