O‘zbekiston yoshlarga islohotlarning faol ishtirokchisi va davlat siyosatini shakllantirishda hamkor sifatida qaraydi
Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, BMT Yoshlar byurosi rahbari Felipe Pauler bilan uchrashdi.
Unda yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qaror qabul qilish jarayonlarida yoshlarning ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar global yoshlar kun tartibini ilgari surish va qaror qabul qilish jarayonlarida yoshlarning mazmunli ishtirokini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarning ahamiyatini yuqori baholadi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston yoshlarga nafaqat davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shaxs, balki islohotlarning faol ishtirokchisi va davlat siyosatini shakllantirishda muhim hamkor sifatida qaraydi.

Bu borada Oliy Majlis huzurida Yoshlar parlamentlari yo‘lga qo‘yilgani ularning mamlakatni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilishda ishtirok etish imkoniyatini yaratmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tinchlik uchun yoshlar umumjahon harakati”ni tashkil etish tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi. Qarorgohi O‘zbekistonda joylashadigan mazkur harakatga oid tashabbus targ‘ibotini kuchaytirish va uni turli mamlakatlarning yosh parlament a’zolari va yoshlar tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.

BMTning Yoshlar ishlari bo‘yicha ofisi va yoshlar parlamentlari o‘rtasida tizimli hamkorlik o‘rnatish, O‘zbekiston yoshlarining BMT dasturlari va xalqaro platformalaridagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, iqlim kun tartibi, raqamli transformatsiya va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
N.Abduraimova,
O‘zA