O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida AKT xizmatlarining ulushi 2,9 foizga yetdi
Raqamli iqtisodiyot mamlakat iqtisodiy o‘sishining muhim drayverlaridan biriga aylanmoqda
O‘zbekiston iqtisodiyotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasining ahamiyati yil sayin oshib bormoqda. Buni yalpi ichki mahsulot (YAIM) tarkibida AKT xizmatlarining ulushi izchil o‘sib borayotgani ham ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida AKT xizmatlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2,9 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davrida 2,4 foiz, 2025-yilda esa 2,8 foiz bo‘lgan.
Shunday qilib, ikki yil ichida AKT xizmatlarining YAIMdagi ulushi 0,5 foiz bandga, bir yilda esa 0,1 foiz bandga oshgan. Bu raqamlar AKT sohasida yaratilgan iqtisodiy qiymat hajmi va uning milliy iqtisodiyotdagi roli ortib borayotganini anglatadi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida AKT xizmatlari sohasida 30,3 trillion so‘mlik yalpi qo‘shilgan qiymat yaratilgan.
Ushbu ko‘rsatkichning asosiy qismi kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur yo‘nalishning AKT xizmatlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymatdagi ulushi 53,6 foizni tashkil etgan. Bu esa O‘zbekistonda AKT sohasining oddiy telekommunikatsiya xizmatlaridan tashqari, dasturiy mahsulotlar, IT-autsorsing, raqamli konsalting va texnologik yechimlar yaratish hisobiga ham rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Yalpi qo‘shilgan qiymat tarkibida 53,6 foiz — kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar, 28,9 foiz — aloqa xizmatlari, 10,5 foiz — ma’lumotlarni joylashtirish va ularga ishlov berish xizmatlari hamda veb-portallar, 4,4 foiz — dasturiy ta’minot, 2,6 foiz — kompyuterlar va aloqa uskunalarini ta’mirlash xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Raqamlarga e’tibor qaratilsa, AKT xizmatlarida eng katta ulush dasturlashtirish va IT bilan bog‘liq intellektual xizmatlarga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rish mumkin. Bu raqamli iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymat yaratish jarayoni tobora ko‘proq bilim, texnologiya va yuqori malakali kadrlarga bog‘liq bo‘layotganidan dalolat beradi.
AKT xizmatlari tarkibida kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlarning 53,6 foizlik ulushi alohida ahamiyatga ega.
Chunki aynan shu yo‘nalish raqamli transformatsiyaning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Korxonalarning avtomatlashtirilishi, elektron xizmatlarning kengayishi, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, raqamli platformalar va mobil ilovalarga bo‘lgan talabning ortishi dasturiy yechimlarga ehtiyojni kuchaytirmoqda. Aloqa xizmatlarining 28,9 foizlik ulushi esa raqamli iqtisodiyotning texnik infratuzilmasi ham muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Internet va telekommunikatsiya infratuzilmasi qanchalik rivojlansa, elektron tijorat, raqamli bank xizmatlari, masofaviy ta’lim va davlat elektron xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari ham shunchalik kengayadi.
AKT xizmatlarining YAIMdagi ulushi 2024-yildagi 2,4 foizdan 2026-yilda 2,9 foizga yetgani ijobiy tendensiyadir. Biroq bu ulushni yanada oshirish uchun nafaqat IT xizmatlari hajmini ko‘paytirish, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqamli mahsulotlar eksportini rivojlantirish ham muhim.
Ayniqsa, dasturiy ta’minot, IT-autsorsing, bulutli xizmatlar, ma’lumotlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt texnologiyalari kelgusida yangi eksport yo‘nalishlarini shakllantirishi mumkin.
Umuman, 2026-yilning birinchi yarmi yakunlari AKT sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotida tobora muhim o‘rin egallayotganini ko‘rsatmoqda. YAIMdagi ulushning izchil o‘sishi va 30,3 trillion so‘mlik yalpi qo‘shilgan qiymat yaratilishi raqamli texnologiyalar endi faqat alohida IT sektori emas, balki iqtisodiy o‘sishning muhim tarkibiy qismiga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA