O‘zbekiston XIX Venetsiya me’morchilik biyennalesida
Italiyada bo‘lib o‘tayotgan XIX Venetsiya me’morchilik biyennalesida O‘zbekiston milliy paviloni tantanali ravishda ochildi.
Yil osha tashkil etiladigan ushbu nufuzli anjumanda beshinchi bor ishtirok etayotgan mamlakatimiz vakillari bu gal “Ko‘zlarni qamashtiruvchi yog‘du” nomli loyiha taqdim etishdi.

Pavilonda namoyishga qo‘yilgan, me’morchilik, ilm-fan, zamonaviy san’at va barqaror rivojlanish in’ikosi uyg‘unlashgan ashyo va buyumlar o‘zbek modernizmi merosi haqida tasavvur beradi.
Qayd etish kerak, loyihadan quyosh energiyasi sohasidagi eng yirik tadqiqot debochasi — akademik Sodiq Azimovning ilmiy merosi ham o‘rin olgan.

— Ayvonimiz O‘zbekistonning Venetsiya biyennalesi xalqaro me’morchilik ko‘rgazmasidagi uchinchi ishtirokini ifodalaydi, — deydi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova. — Ijodkorlarimiz majmuada O‘zbekistonning barqaror, istiqbolga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishonchi, intilishini aks ettirishga harakat qilgan. Respublikamizning atrof-muhit barqarorligi va peshqadam innovatsiyaga sodiqligi ham ta’kidlangan. Ishonchimiz komilki, Milan, Sharja va Toshkentdagi turkum ko‘rgazmalarning mantqiy davomi sifatida “Ko‘zlarni qamashtiruvchi yog‘du” diyorimizning me’moriy va ilmiy merosi – g‘oyalar va tamaddunlar mangu chorrahasi tavsifi bilan jahon miqyosidagi hamkorlikka munosib hissa qo‘shadi.

"Venetsiyadagi O‘zbekiston"ga akademiklar, san’atshunos olimlar qiziqish bildirmoqda, juda ko‘p mehmonlar, sayyohlar kiryapti. Milliy ko‘rgazmamiz 23 noyabrga qadar san’at ishtiyoqmandlarini chorlab turadi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA