O‘zbekiston-Xitoy: ko‘p qirrali hamkorlik
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xitoyning “Jiangsu Suhao Urban Renewal Co.,Ltd” kompaniyasi direktori Du Xiang bilan uchrashdi.
Muloqotda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida strategik hamkorlik izchil rivojlanib, davlat rahbarlarining tashrif va uchrashuvlari natijasida barcha darajada aloqalar mustahkamlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, viloyatda ham xitoylik hamkorlar bilan qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda kompaniya direktori pillani chuqur qayta ishlash, to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turar joy komplekslarini qurish, shuningdek, turizmni rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish kabi loyihalarga investitsiya kiritish tashabbuslarini ilgari surdi.
Viloyat rahbari mazkur loyihalar mahalliy iqtisodiyot rivoji va yangi ish o‘rinlari yaratilishida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Investor tomonidan bildirilgan har bir taklif va tashabbusni yuqori baholab, loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, loyihalarni aniq reja asosida tezroq boshlash zarurligini qayd etdi.
Zarif Komilov, O‘zA