O‘zbekiston va YeI Transkaspiy transport yo‘lagi samaradorligini oshirish choralarini belgilamoqda
Transkaspiy transport yo‘lagi O‘zbekistonning Yevropa bozorlariga chiqishini diversifikatsiya qilishda muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois mazkur yo‘lak orqali tashuvlarni samarali tashkil etish va mavjud to‘siqlarni bartaraf etish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu yo‘nalishda Toshkentda Yevropa Ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) hamkorligida Transkaspiy transport yo‘lagini muvofiqlashtirish platformasi doirasida O‘zbekiston xususiy sektori vakillari uchun “Transkaspiy transport yo‘lagi uchun ustuvor islohotlar” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Unda davlat idoralari, logistika va ekspeditorlik kompaniyalari, yuk jo‘natuvchilar, biznes uyushmalari hamda xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda yo‘lak samaradorligini oshirishga qaratilgan ustuvor islohotlar va amaliy choralar muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar Transkaspiy transport yo‘lagi YeIning “Global shlyuz” tashabbusi doirasidagi strategik yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, YeI transport infratuzilmasini rivojlantirish va logistik bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatovning ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda Kaspiy dengizi orqali Transkaspiy yo‘lagi bo‘ylab 1,2 million tonna O‘zbekiston yuklari tashilgan. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan yuk aylanmasidagi ulushi 2021-yildagi 12 foizdan 28 foizga oshgan.

Shu bilan birga, tadbirda Kaspiy dengizining sayozlashishi, portlardagi navbatlar, tashish xarajatlarining yuqoriligi hamda chegaralardagi muvofiqlashtirilmagan tartib-taomillar kabi muammolar mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, e-Permit va e-TIR elektron tizimlarini joriy etish ishlari davom ettirilmoqda.
Tadbir yakunida Transkaspiy transport yo‘lagi samaradorligini oshirish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha ustuvor choralar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA