O‘zbekiston va Yaponiya Liberal-demokratik partiyalari hamkorligi mustahkamlanadi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasida Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Taro Kono boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida o‘tgan ikki mamlakat parlamentlari muloqoti chog‘ida ikki davlat munosabati kengaytirilgan strategik sheriklik bosqichiga chiqqani alohida ta’kidlandi.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida kechgan oliy darajadagi muzokaralar mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqan muhim voqea sifatida qayd etildi.

Tomonlar siyosiy muloqot, shuningdek iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya va ta’lim sohalaridagi sheriklik izchil rivojlanayotgani o‘zaro ishonch va yaqin do‘stlikning amaliy natijasi ekani e’tirof etildi.
Uchrashuvda ikki davlat yetakchi siyosiy partiyalari hamkorligini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Partiyalararo aloqani institutsional rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni hamda kadrlar tayyorlash va tajriba almashish mexanizmini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokara yakunida O‘zLiDeP va Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjat doirasida partiya qurilishi, parlament faoliyati, kadrlar siyosati va ta’lim sohalarida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Shuningdek, faoliyatni raqamlashtirish, institutsional rivojlanish va zamonaviy boshqaruv usullarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish vazifalari belgilandi.
Memorandumda milliy parlamentlardagi fraksiyalar, shuningdek mahalliy vakillik organlari deputatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida urg‘u berilgan. Yoshlar va xotin-qizlarning siyosiy jarayondagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
D.Hakimov, O‘zA