O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida tovar ayirboshlash 17,8 milliard dollarga yetdi
Shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi Taraqqiyot tadqiqotlari markazi direktori Lu Xao boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Mehmonlar turli idora va vazirliklarda uchrashuvlar o‘tazib, mutasaddi rahbarlar bilan muloqotlar olib bormoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan bo‘lib o‘tdi.
Muzokara davomida tomonlar o‘zaro munosabat misli ko‘rilmagan yuqori darajaga ko‘tarilgani, yangi davrdagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik xususiyatiga egaligini alohida ta’kidladilar. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida ekspert-tahliliy aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligi qayd etildi.

Yashil energetika, sanoat, suvni tejash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik istiqboli muhokama qilindi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha birgalikda yechimlar ishlab chiqish hamda muhim yo‘nalishlarda ikki tomonlama aloqani mustahkamlashga qaratilgan tizimli sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan har ikki tomon manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, 2025-yil O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 17,8 milliard dollarga yetdi. Joriy yil yanvar-fevral oylari holatiga ko‘ra, o‘zaro savdo qiymati 3,19 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport ko‘rsatkichi 13 foiz o‘sdi.

Muloqotda savdo-sotiqni yanada kengaytirish, ikki tomonlama munosabatni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi e’tirof etildi.
Delegatsiya a’zolari 3-aprelga qadar mamlakatimizda bo‘lib, Toshkent va Samarqand shaharlarida turli uchrashuvlar o‘tkazadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA