O‘zbekiston va Tojikiston: Abadiy do‘stlik, tutash madaniyat va urf-odatlar mushtarakligi
Munosabat
Bugun O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar haqida gapirganda, beixtiyor ko‘z oldimizga ikki qardosh xalqning o‘xshash chehrasi, tutash madaniyati va urf-odatlari, so‘ng mehmondo‘stlik fazilatlari keladi. Mana shu manzara sog‘inchi niyati pok, sofdil ikki xalq vakillarini necha yillar o‘rtab kelgani ham tarix haqiqati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida eng avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabat o‘rnatishga, yillar mobaynida yechimini kutib kelgan muammolarni hal qilishga kirishdi. Albatta, bu siyosatni qo‘shni davlatlar rahbarlari ham qizg‘in qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston va Tojikiston haqida gapirganda mana shu siyosatning tarixiy samaralari ko‘zga tashlanadi. Bunda e’tirofli jihat shundaki, avvalo, har ikki mamlakat Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorligimiz ko‘p qirrali tus oldi va yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlandi.
Ta’kidlash joizki, bugun mamlakatimizda 15 ta tojik milliy madaniy markazlarini birlashtirgan Respublika tojik milliy madaniyat markazi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatda ta’lim tojik tilida olib boriladigan 250 ta maktab mavjud. Samarqand, Termiz va Farg‘ona universitetlarida tojik tili kurslari yo‘lga qo‘yilgan. Tojik tilida to‘rtta davriy nashr chop etiladi, beshta teledastur va 30 ta radio dastur efirga uzatiladi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, joriy yilda O‘zbekiston va Tojikiston diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlamoqda. O‘zbek-tojik hamkorligining huquqiy asosini turli darajada imzolangan 256 hujjat tashkil etadi. Shundan 153 tasi so‘nggi besh yil ichida qabul qilindi.
Qayd etish joizki, bu galgi ikki mamlakat yetakchilarining uchrashuvida tarixiy ahamiyatga ega Abadiy do‘stlikni mustahkamlash va ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyasini imzolanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday muhim hujjatni imzolanishiga o‘tgan yillar davomida mustahkam zamin yaratildi. Jumladan, 2018 yilda O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi bitim imzolanishi munosabati bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi viza rejimi bekor qilindi va 17 ta nazorat-o‘tkazish punktlari ochildi. Bu ishlar mintaqaviy jihatdan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi. Har ikki tomonning millionlab fuqarolari hayotini osonlashtirdi. O‘zbekistonda ham Tojikistonda ham “Ziyorat turizmi” loyihalarini amalga oshirishda, shu jumladan, “Ipak yo‘li” sayyohlik brendini targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma ishlar doirasida hamkorlikni faollashtirishga imkon berdi.
Shuningdek, transchegaraviy daryolarning suv-energetika resurslaridan kompleks foydalanishga oid kelishuvlar ham O‘zbekiston Prezidentining yangilangan tashqi siyosatining ijobiy natijasidir. O‘zbekiston va Tojikistonning mintaqa davlatlari manfaatlarini hisobga olgan holda suv-energetika resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish zarurligi to‘g‘risida umumiy fikrga ega ekanligi bu boradagi asosiy yutuq bo‘ldi.
Xorijiy ekspertlarning fikricha, bu boradagi O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarining konstruktiv xarakterga ega bo‘lishi Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining alohida ahamiyatini, xalqaro tashkilot va tuzilmalar doirasida konstruktiv muloqot va o‘zaro ko‘makni davom ettirish zarurligini qayd etdilar.
Bundan tashqari, hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 11 ta hujjat imzolandi.
Xususan, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, O‘zbekistonning Jizzax viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum, Ipakchilik tarmog‘ida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar ana shular jumlasidandir.
Yana bir asosiy jihat, O‘zbekiston har yili Tojikiston fuqarolari uchun ajratiladigan ta’lim grantlari sonini ko‘paytirmoqchi. Mamlakatlarimizda kino, madaniyat kunlari va turli festivallarni muntazam o‘tkazib borish davom ettiriladi. Ma’lumki, joriy yilda buyuk shoirlarimiz Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning yaqin do‘stligiga bag‘ishlangan qo‘shma filmni suratga olish boshlanadi.
Bu esa o‘z navbatida ikki do‘st mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligiga munosib tuhfa bo‘ladi.
Mazkur tarixiy tashrifi natijalari, hech shubhasiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro anglashuv va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari manfaatlariga xizmat qiladi.
Mahmudjon BOLTABOEV,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya
va sport universiteti rektori.
O‘zA