O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar
Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshdi.
Sanoat, energetika, metallurgiya, transport, kimyo sanoati va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda.

Tovar ayirboshlashdagi joriy sur’atlarni saqlab qolish, kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish hamda hududlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu kunlarda Mariinskiy teatrida Georg Fridrix Gendelning “Tamerlano” operasining premerasi bo‘lib o‘tgani hamda “Ermitaj” davlat muzeyida O‘zbekiston amaliy san’ati ko‘rgazmasi ochilgani qayd etildi.

Yetakchilar bo‘lajak tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.