O‘zbekiston va Rossiya Adliya vazirlari uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov Rossiya Federatsiyasi adliya vaziri Konstantin Chuychenko bilan uchrashdi.
Uchrashuvda R.Davletov O‘zbekistonda Rossiya bilan har tomonlama va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilayotganini qayd etib, 2004 yildan beri Adliya vazirliklarining faol darajadagi o‘zaro hamkorligini misol qilib keltirdi.
Adliya vazirliklari o‘rtasida 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolangan. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli dastur to‘laqonli amalga oshirilmay qoldi.
Shu munosabat bilan R.Davletov dasturni yangilash, xususan xalqaro shartnomalar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, “tartibga solish gilotinasi” tamoyilini qo‘llash, xalqaro huquqiy yordam ko‘rsatish borasida yagona elektron platforma va elektron hujjat almashish tizimini yaratish, sud-ekspertiza faoliyati va yuridik ta’lim sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va boshqa sohalardagi tajribani o‘rganishga qaratilgan tadbirlar bilan boyitishni taklif qildi.

Muloqot davomida tomonlar ma’lumot almashish uchun MDHning Yagona elektron platformasini yaratishning o‘ziga xos jihatlarini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun: mazkur tizim loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. U huquqiy yordam ko‘rsatish sohasida samaradorlik va mahsuldorlikni oshirish, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar vakolatli organlarining o‘zaro tezkor hamkorligiga qaratilgan.
MDHning yagona elektron platformasini yaratish tashabbusi 2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan.
Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zA