O‘zbekiston va Qirg‘iziston: o‘zaro munosabatlarda yangicha impuls
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan xalqaro maydonda har bir davlatning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish omili har qanchongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi O‘zbekiston sharoitida Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik orqali o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olindi.
Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan ilgari surilgan g‘oyalar va yaratilgan yangicha formatlar natijasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida konstruktiv muloqot muhiti shakllandi.
Kuni kecha mamlakatimiz rahbarining Qirg‘izistonga amalga oshirgan ikki kunlik davlat tashrifi chin ma’noda tarixiy voqelik bo‘ldi.
Tashrif davomida davlatimiz yetakchisining «Qirg‘iziston bizning muhim strategik hamkorimiz, eng yaqin qo‘shnimiz va vaqt bilan sinalgan do‘stimizdir», degan so‘zlari ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy mohiyatini tashkil etadi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlarining siyosiy irodasi, puxta o‘ylangan va pragmatik siyosati natijasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalari samaradorligini oshirish va boshqa dolzarb masalalarga yechim topildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risida shartnoma tuzilganligi mintaqamizda qo‘lga kiritilgan o‘ziga xos diplomatik yutuq bo‘ldi.
Ayni paytda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani xalqaro ekspertlar orasida ijobiy munosabat va yuqori bahoga sabab bo‘ldi. Ularning fikricha, ikki do‘st davlat o‘rtasidagi chegaralarning qonuniy tartibga solinishi mintaqadagi chegara masalalarini tinch yo‘l bilan hal etishning namunasi bo‘lishi mumkin.
Xususan, “Atyab Foodtech” kompaniyasi bosh menejeri Mohib Ahmad Xon (O‘mon) «O‘zbekiston–Qirg‘iziston Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya yorliqlarini almashish to‘g‘risida bayonnoma imzolanganligi o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va chinakam qardoshlik munosabatlari yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi», deya fikr bildiradi.
Shuningdek, fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi bitimga erishilganligi ham o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining uzoq yillik orzulari amalga oshishi hisoblanadi.
Endilikda O‘zbekistonning barcha fuqarolari Qirg‘izistonga, xuddi shunday Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonga birgina ID-karta orqali kirishlari mumkin.
2006 yil 3 oktyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnomaga ko‘ra, fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma’lumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi.
Ushbu tashrif davomida qabul qilingan muhim hujjatlardan yana biri Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya bo‘ldi. Bu, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lidagi ko‘p qirrali hamkorlik rivojida yangi davrning boshlanishidir.
PARLAMENTLAR HAMKORLIGI YANGI BOSQICHDA
Ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlar dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim o‘rin egallaydi, muammolarga murosali yechim topish va nizolarning oldini olishga xizmat qiladi. Shu ma’noda 2017 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hamda Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida O‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan.
Shu o‘rinda ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari bugungi kunga kelib yangi bosqichga ko‘tarildi.
Parlamentlararo hamkorlik mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Xususan, hozirgi kunga qadar 20 dan ortiq parlamentlararo delegatsiyalar almashinilgan. 2020 yil 10 iyulga kelib O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iz Respublikasi Jokorgu Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiya tashkil etildi. Shuningdek, parlamentlararo «Markaziy Osiyo lider ayollarining mintaqaviy muloqoti» doirasida ham keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 10 dan ziyod tadbirlar do‘stona ruhda o‘tmoqda.
Qardosh davlatlarning parlamentlararo munosabatlari qonun ijodkorligi, parlament nazorati va mahalliy kengashlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish borasida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Qirg‘iziston Respublikasi Jogoru Keneshi Devoni Tadqiqot markazi o‘rtasida 2018 yilda O‘zaro hamkorlik to‘g‘risida imzolangan memorandum doirasida parlament aql markazlari (“think tank”) o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, o‘tgan davr mobaynida parlamentlar faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashning o‘ziga xosligi, qonun loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda milliy qonunchilikni rivojlantirish borasida turkum tadbirlar o‘tkazilib, gibrid formatda doimiy muloqot amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida ham o‘zaro manfaatli amalga oshirilayotgan bo‘lib, kun tartibiga qo‘yilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinishida bir xil yoki yaqin pozitsiyani namoyon etmoqda.
Shu nuqtai nazardan ikki tomonlama aloqalar va o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish juda muhim.
Umuman olganda, shak-shubhasiz, hozirgi kundagi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixan misli ko‘rilmagan yuqori darajada rivojlanmoqda.
Jasur Xudoberganov,
Oliy Majlis huzuridagi
Qonunchilik muammolari
va parlament tadqiqotlari
instituti Ilmiy hamkorlik
va xalqaro aloqalar
sho‘basi mudiri