O‘zbekiston va Qirg‘iziston OTMlari hamkorligi kengaymoqda
Keyingi yillarda mamlakatimiz oliy ta’limi tizimida xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois ham, yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim tizimiga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, xorijiy davlatlardagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma dasturlar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar, talabalar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligida yurtimizdagi qator oliy o‘quv yurtlari vakillarining Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida bo‘lib o‘tgan "Oliy ta’lim tizimida integratsiya, hamkorlik va innovatsiyalar» mavzusidagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining xalqaro forumi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Ikki qo‘shni davlat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan forum ishtirokchilari dastlab, Botirali Siddiqov nomli Qirg‘iziston – O‘zbekiston universiteti faoliyati, mazkur ta’lim muassasadagi o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Forumning rasmiy tadbirida ikki mamlakat oliy ta’lim tizimi mutasaddilari, o‘quv yurtlari rektorlari tomonidan hamkorlik istiqbollari, imkoniyatlari, ta’lim tizimiga ilg‘or, xalqaro tajribalarni joriy etish, hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish singari qator masalalar yuzasidan ma’ruzalar o‘qildi. Ma’ruzalarda hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Forum doirasida olib borilgan muzokaralar, kelishuvlar samarasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 60 dan ortiq qo‘shma ta’lim dasturini tashkil etish ko‘zda tutilgan memorandumlar imzolandi.
[gallery-13903]
Jumladan, Andijon davlat universiteti hamda Qirg‘iziston Respublikasidagi oltita oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi, ularda akademik almashuvni yo‘lga qo‘yish, o‘quv va ilmiy adabiyotlarni almashish, yangi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar nashr etish hamda tarqatishda o‘zaro yordam ko‘rsatish, ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish singari qator masalalar nazarda tutildi.
Yurtimiz va Qirg‘iziston oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik, shubhasiz, har ikki tomon uchun foydali bo‘ladi, qolaversa, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga, turli yo‘nalishlardagi hamkorliklar ko‘lamining kengayishiga yordam beradi.
Akramjon Yuldashev,
Andijon davlat universiteti rektori, professor.
O‘zA