O‘zbekiston va Qatar ta’lim tizimida tajriba almashuvini kengaytiradi
Mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro tajribani ta’lim jarayoniga joriy etish yo‘nalishida hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shakirova hamda Qatar davlati Ta’lim nazorati boshqarmasi rahbari Fatima Al-Rashid boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or o‘qitish metodikalarini joriy etish hamda o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Qatar tomoni Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalarida iqtidorli o‘quvchilarni tayyorlash, aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish hamda xalqaro fan olimpiadalarida erishilayotgan natijalarni yuksak baholadi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida STEM yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘quvchi va pedagoglar almashinuvi, yozgi ta’lim oromgohlarini tashkil qilish hamda xalqaro fan olimpiadalariga tayyorgarlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
M.Hojiakbarova, O‘zA