O‘zbekiston va Pokiston: savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar rivoji
Oliy Majlis Senatiga Pokistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruk tashrif buyurdi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda parlament yuqori palatasi rahbari Ahmad Farukning so‘nggi uch yil davomida samarali faoliyat olib borib, ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shganini alohida e’tirof etdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.

Erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash, parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, do‘stlik guruhlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda hududlararo aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Pokiston ilmiy muassasalari bilan hamkorligini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Senat raisi Pokiston delegatsiyasini Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan Yosh parlament a’zolarining 12-global konferensiyasi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan 3-global forumda ishtirok etishga taklif etdi.
N.Abduraimova,
O‘zA