O‘zbekiston va Koreya: yuqori darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati kuchaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi a’zosi An Do Gol boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda yanada kengaytirish, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ikki davlat parlamentlari o‘rtasida barcha bo‘g‘inlarda tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, o‘tgan yili dekabr oyida Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi.
Koreya tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur muloqot formati o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan samarali platforma sifatida e’tirof etildi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish va uning samaradorligini oshirish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.

Jumladan, parlamentlararo hamkorlik guruhlarining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, yuqori darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan qo‘shma parlament nazoratini kuchaytirish, mas’ul qo‘mitalararo hamkorlikni faollashtirish masalalari, shuningdek, joriy yil davomida ko‘zda tutilgan qo‘shma tadbirlar rejalari muhokama qilindi.
Madaniyat sohasida, xususan, ikki mamlakat muzeylari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ulkan salohiyat qayd etilib, bu borada hududlar kesimida aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashishga kelishildi.
N.Abduraimova, O‘zA