O‘zbekiston va Italiya qurilish hamda shaharsozlik sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida qurilish, arxitektura, shaharsozlik hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Gvido de Sanktis bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov elchini O‘zbekistondagi diplomatik faoliyati boshlangani bilan samimiy tabriklab, mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasida qurilish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, arxitektura va shaharsozlik yo‘nalishlarida ilg‘or tajribalarni almashish hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar hududlarni barqaror rivojlantirish, zamonaviy urbanistika tamoyillarini keng joriy etish, energiya tejamkor va ekologik qurilish texnologiyalaridan foydalanish, binolarning seysmik barqarorligini oshirish hamda kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, Italiyaning arxitektura va muhandislik sohalarida to‘plagan ilg‘or tajribasini o‘rganish, uni mamlakatimiz sharoitiga moslashtirgan holda amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi. Bu borada soha tashkilotlari, ilmiy muassasalar va ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislar ishtirokida qo‘shma seminarlar, malaka oshirish dasturlari va amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qurilish sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy etish, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish va xalqaro tajribani keng tatbiq etish mamlakatimizda shaharsozlik siyosati va qurilish tarmog‘ini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi aloqalarni izchil davom ettirish, istiqbolli tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish hamda ularni aniq amaliy loyihalarga aylantirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA