O‘zbekiston va Hindiston qayta tiklanuvchi energiya sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
Energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda dunyoning yirik energetika kompaniyalari bilan muloqot va hamkorlik aloqalari muhim ahamiyatga ega.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Hindistonning “Adani Group” kompaniyasining xalqaro energetika bo‘yicha bosh ijrochi direktori Amit Singh o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda bu alohida qayd etildi.
Muloqot davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, zamonaviy energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tarmoqlarda samaradorlikni oshirish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonda “yashil” energiya quvvatlarini kengaytirish, quyosh va shamol energetikasi sohasidagi loyihalarni rivojlantirish, sohaga ilg‘or xalqaro tajriba va innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha fikr almashdi. Shuningdek, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish hamda tizimning barqarorligi va ishonchliligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, energetika sohasida uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va yangi investitsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, “Adani Group” Hindistonning elektr energetikasi, qayta tiklanuvchi energiya, logistika, infratuzilma va sanoat sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi xususiy kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda u dunyoning qator mamlakatlarida yirik energetika va infratuzilma loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA