O‘zbekiston va Gruziya: korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov boshchiligidagi delegatsiyaning Gruziyaga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning Korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi direktori Razden Kuprashvili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha fikr almashdi.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilayotgani, davlat xaridlarida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha izchil o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Manfaatlar to‘qnashuviga barham berish uchun alohida qonun qabul qilindi.

Gruziya korrupsiyaga qarshi kurashish byurosining asosiy vazifalari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini shakllantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi va boshqa dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda ijrosi ustidan nazorat qilishdan iborat. Shuningdek, davlat xizmatchilari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash ishlarini muvofiqlashtirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish kabi ishlarni ham amalga oshiradi.
Uchrashuv yakunida ikki idora o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirishda tajriba almashiladi. O‘zaro axborot, me’yoriy hujjatlar va ilmiy manbalar almashish nazarda tutildi.
Kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma o‘quv kurslari va treninglar o‘tkaziladi. Manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olishning samarali mexanizmlari yaratiladi.
Muloqotda o‘zaro hamkorlikning shu kabi huquqiy va amaliy asoslarini takomillashtirish har ikkala tomon uchun samarali ekani e’tirof etildi.
N.Abduraimova, O‘zA