O‘zbekiston va Germaniya farmatsevtika sanoati vakillari o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Germaniyaning tadqiqotga asoslangan farmatsevtika kompaniyalari uyushmasi vakillari – boshqaruvchi direktor doktor Mattias Meyergans va Myullner Angela Margareta o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini transformatsiya qilish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash hamda tarmoqni innovatsion rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar farmatsevtika sanoatida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, klinik tadqiqotlar infratuzilmasini xalqaro talablar asosida kengaytirish, shuningdek, ilm-fan va ta’lim tizimini amaliyot bilan integratsiya qilish kabi dolzarb masalalarni chuqur muhokama qildi.
Xususan, Germaniyaning ilg‘or farmatsevtika kompaniyalari tajribasi asosida O‘zbekistonda zamonaviy ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonni mintaqaviy farmatsevtika markaziga aylantirish bo‘yicha olib borilayotgan strategik ishlar alohida qayd etildi.
Germaniya tomoni mamlakatimizda xalqaro standartlarga mos innovatsion ekotizimni shakllantirishda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga ilg‘or raqamli yechimlarni tatbiq etish va kadrlar salohiyatini oshirish, xususan, yosh mutaxassislarning malakasini xalqaro darajada oshirish bo‘yicha amaliy yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilm-fan va sanoat integratsiyasini kuchaytirish, farmatsevtika sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zaro tajriba almashish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga Yevropaning ilg‘or tajribalari va investitsiyalarini jalb etishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: Germaniyaning tadqiqotga asoslangan farmatsevtika kompaniyalari uyushmasi mamlakatdagi eng yirik innovatsion farmatsevtika kompaniyalarini birlashtiruvchi nufuzli tashkilot hisoblanadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA