O‘zbekiston va Fransiya qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Fransiya-O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi raisi Klod Imoven boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar samaradorligini oshirish, yangi investitsiyaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ustuvor sohalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, innovatsion yechimlar va ilg‘or texnologiyalarni hamkorlikda joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, transport infratuzilmasini rivojlantirish, energetika, tog‘-kon sanoati va suv resurslarini boshqarish sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu jarayonlarga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng jalb etish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.
Tomonlar keyingi yillarda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklik izchil rivojlanayotganini, davlat rahbarlari darajasidagi muntazam muloqot savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda o‘zaro muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA